Joriy yilning 3 oyi davomida respublika bo‘yicha jami 87 ta jinoyat ishi bo‘yicha 115 nafar mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.


Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 4 nafari viloyat va 111 nafari tuman-shahar miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 50 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 21 nafari pora olish (berish) va pora olish-berishda vositachilik qilish, 7 nafari firibgarlik, 6 nafari mansab soxtakorligi, 3 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qarash, 1 nafari mansab mavqeini suiiste’mol qilish va 27 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etishgan.

Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 51,3 mlrd. so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan bo‘lib, tergov jarayonida ushbu zararning 18,3 mlrd. so‘mi undirilgan.