Davlat soliq qo‘mitasi karantin davrida yirik soliq to‘lovchilarning transport vositalariga maxsus ruxsat beruvchi stikerlar berishni boshlaydi.

Ma’lumotga ko‘ra, ruxsat beruvchi stikerlar yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi korxonalar xodimlarining shaxsiy yoki xizmat avtotransport vositalari uchun beriladi.

Ruxsat beruvchi hujjatni olish uchun faqat onlayn tarzda soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali my.soliq.uz elektron soliq xizmatlari portalida maxsus anketani to‘ldirib ariza berish mumkin.

Avtotransportda harakatlanish uchun kerak bo‘ladigan maxsus QR-kodli ruxsatnomani printer orqali chop etish kerak bo‘ladi. U ariza yuborilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida shakllantiriladi.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan har bir soliq to‘lovchiga alohida stiker kvotalari belgilanadi. Ruxsat beruvchi stiker u olingan kundan boshlab 30 kun mobaynida harakatlanish huquqini beradi.

Avtotransport vositasidan foydalanish uchun ruxsat beruvchi stiker olgan xodimlar mehnat daftarchasining nusxasi va ish joyidan berilgan tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi kerak.

Xodimlarga faqat belgilangan yo‘nalish bo‘yicha, xizmat maqsadlarida soat 9:00 dan 18:00 gacha transport vositasidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Xabarda aytilishicha, ruxsat beruvchi stiker olish haqida DSQga ariza yuborilganidan keyin ularga tuzatishlar kiritish nazarda tutilmagan. Ruxsat berish uchun hech qanday to‘lov olinmaydi.

Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, yirik soliq to‘lovchilar toifasiga quyidagilar kiradi:

  • aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar;
  • banklar va ularning filiallari, tovar-xom ashyo, fond va valyuta birjalari;
  • «Navoiy KMK» DK, «Olmaliq KMK» AJ va ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar;
  • mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan tashkilotlar;
  • yil yakuni bo‘yicha mahsulotlarni sotishdan olingan sof tushumi 100 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar.

Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi korxonalar ro‘yxati.