O‘zbekiston Rossiyaga ikki partiyadan iborat insonparvarlik yordamini yetkazib berdi, deya xabar qildi mamlakatning Moskvadagi elchixonasi «Gazeta.uz»ga.

Birinchi partiya shanba kuni, ikkinchisi esa 20 aprel kuni Sheremeteo aeroportiga yetkazib berildi. Rossiyaga jami bo‘lib 5 mln dona tibbiy niqob hamda tibbiy doka yetkazib berish rejalashtirilgan.

«Tibbiy mahsulotlar asosan pandemiyaga qarshi kurash olib borayotganlarga yo‘naltiriladi», — deya TASS bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Overchukdan iqtibos keltirdi. Rossiya hukumati rahbarining o‘rinbosari shanba kuni O‘zbekiston xalqiga va hukumatiga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Biz bilamizki, O‘zbekiston xalqining o‘zi ham koronavirus infeksiyasidan aziyat chekmoqda. Mamlakatda yuqtirganlar ham, halok bo‘lganlar ham bor, — dedi bosh vazir o‘rinbosari. — Shunga qaramay, O‘zbekiston umumiy tariximizni to‘ldirgan misollar bilan o‘zaro yordamni namoyish etgan holda Rossiya bilan eng zarur bo‘lgan narsalarni bo‘lishishga qaror qildi».

Avvalroq O‘zbekiston Xitoy, Eron, Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belarus va Vengriyaga ham insonparvarlik yordami jo‘natdi. Yuklar tarkibidan shaxsiy himoya vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olgan.