O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanilishi ma’lum qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilishda davlat rahbari O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabni to‘liq ta’minlash, aholi daromadlari va farovonligini oshirish uchun katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Xabarda qayd etilishicha, buning uchun barcha fermer, klaster, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘z dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerak.

Videoselektorda tomorqasidan unumli foydalanmayotgan xonadonlar bilan birma-bir ishlab, tomorqa maydonlariga bozorbop ekinlar ekilishini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2−3 marta ekin ekish va qo‘shimcha hosil olish birinchi darajali vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida har bir sektor hududida kamida 100 tadan xonadonda 1−1,5 sotixli issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga hokimlar bilan birgalikda suv ta’minoti yaxshi bo‘lmagan mahallalarda artezian quduqlar qazib, hosildorlikni oshirish vazifasi qo‘yildi.

«Hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qo‘yish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak», — deyiladi xabarda.

Shuning uchun tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanilishi ma’lum qilindi.

Bu borada mutasaddi rahbarlarga tegishli hujjatni qabul qilish topshirildi. Tomorqalar holatini dronlar orqali monitoring qilish hamda ulardan unumli foydalanish uchun har bir sektor kesimida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.