Buxoro neftni qayta ishlash zavodida Yevro-4″ va «Yevro-5» sinfli ekologik toza hamda sifatli dizel yonilg‘isi ishlab chiqariladi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirgi kunda zavodda ishlab chiqarilayotgan neft mahsulotlari (avtobenzin va dizel yonilg‘isi) sifati Yevro-2 standarti talablariga mos kelib, uning sifatini jahon standartlariga moslash maqsadida, hozirda ishlatilayotgan katalizator va seolit almashtirildi.

Zavoddagi reaktorga yangi katalitik tizim Fransiyaning Axens kompaniyasi sxemasiga binoan o‘rnatildi. Koronavirus pandemiyasi sababli fransiyalik mutaxassislar onlayn aloqada bo‘lishdi hamda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislarining o‘z kuchi bilan reaktorga yangi katalitik tizim o‘rnatildi.

Natijada 30 mart kuni O‘zbekistonda ilk bora ekologik toza va sifatli dizel yonilg‘isi ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

Laboratoriya tahlillariga ko‘ra, olingan dizel yonilg‘isida oltingugurt birikmalari miqdori 3 ppm bo‘lib, bu ko‘rsatgich Yevro-5 sinfiga mos dizel yonilg‘isiga to‘g‘ri keladi (10 ppm dan ko‘p emas).

Mazkur qurilma mavjud texnologik sxemada yiliga 100 ming tonnagacha Yevro-5 standartidagi dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Xabarda aytilishicha, «Yevro-4» va «Yevro-5» yoqilg‘isi dvigatel ishlash jarayonini yaxshilash, yemirilishni kamaytirish, zararli chiqindi gazlar mikdorini keskin kamaytirish va silindrlar ishlash davrini uzaytirish kabi afzalliklarga ega.