23 martdan boshlab O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash doirasida fuqarolar jamoat joylarida va ko‘chalarda himoya niqoblarida bo‘lishlari belgilangan. Shunga qaramasdan, aholi o‘rtasida ushbu qoidalarga rioya qilmaslik uchrab turibdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti himoya niqoblaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tavsiyalar bergan. «Gazeta.uz» ushbu oddiy tavsiyalarni sizga havola etadi.

1. Niqobni kiyishdan avval qo‘llaringizni tozalang

Himoya niqobini taqishdan oldin, qo‘llaringizni antiseptik gel bilan tozalang yoki yaxshilab sovunlab yuving.

2. Niqob burun va og‘izni yopishi kerak

Niqobni taqqaningizda, og‘zingiz, burningiz va iyagingiz berkitilishi kerak. Yuzingiz va niqob o‘rtasida hech qanday bo‘shliq masofa yo‘qligiga e’tibor bering.

3. Niqobga qo‘lingiz bilan tegmang

Niqobni taqqaningizda, unga qo‘lingiz bilan teginmang. Niqob yuzasida bakteriya yoki viruslar to‘planib qolgan bo‘lishi mumkin. Agar teginsangiz, qo‘llaringizni antiseptik gel bilan tozalang yoki sovunlab yuving.

4. Niqob namlansa, boshqasiga almashtiring

Bir marotabali niqoblarni uzoq muddat taqib bo‘lmaydi. Niqobingiz namlanishi zahotiyoq, uni boshqasiga almashtiring. Bir marotabali niqoblarni qayta ishlatmang.

5. Niqobni orqasidan yeching

Yuqorida aytilganidek, niqob yuzasida bakteriya yoki viruslar bo‘lish ehtimoli bor. Shuning uchun, niqobni yechmoqchi bo‘lsangiz, uni orqasidan, faqat bog‘ichlariga tegingan holda yeching.

6. Ishlatilgan niqobni axlat qutisiga tashlang

Niqobni yechganingizdan so‘ng, uni axlat qutisiga tashlang, qo‘llaringizni antiseptik gel bilan tozalang yoki sovunlab yuving. (O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi fuqarolardan foydalanilgan tibbiy niqoblarni imkon qadar yo‘q qilish yoki yaroqsiz holga keltirishni so‘ragan).

Ma’lumot uchun, ichki ishlar vazirligining axborotiga ko‘ra, 30 mart soat 23:00 holatiga ko‘ra 14459 ta holatda tibbiy niqob taqmasdan yurish bo‘yicha karantin qoidalarini buzgan fuqarolarga ma’muriy jazo qo‘llanilgan.