«Mazmunli karantin» loyihasi davomida sizga TED|Uzbek Language jamoasi tomonidan o‘zbek tilidagi subtitrlar joylashtirilgan TED chiqishlari va TED-Ed darslarini, hamda O‘zbekistonda tashkillashtirilgan TEDx loyihalaridan chiqishlarni havola qilib boramiz.

Xorijiy tildagi videolarda o‘zbek tilidagi subtitrlar avtomat ravishda yoqilgan. Agarda o‘zbek tilidagi subtitrlar chiqmayotgan bo‘lsa, sozlamalar qismidan uni yoqishingiz va o‘zbek tilini tanlashingiz kerak.

Muvaffaqiyatga qanday erishsa bo‘ladi? Yetarlicha uxlang! (4 daqiqa)

Ushbu qisqa maruzada, Arianna Xaffington ulkan g‘oyalarni uyg‘otishi mumkin bo‘lgan kichkina g‘oya bilan bo‘lishadi. U yaxshi uyquning quvvati haqida gapiradi. Har kuni kam uxlashimizni aytib, maqtanish o‘rniga, u ko‘zlarni yumib, holatni butunligicha ko‘rishimizga chaqiradi. To‘laqonli uyqu orqali biz samaradorlikni oshirimiz, ko‘proq baxtga erishishimiz va yaxshiroq qarorlar qabul qilishimiz mumkin.

Qayg‘uning qisqacha tarixi (5 daqiqa)

Agar siz tirik va to‘laqonli inson bo‘lsangiz, katta ehtimol bilan siz hayotingizda bir necha bor qayg‘uni his qilgansiz. Lekin «qayg‘u» o‘zi nima va biz u bilan nimadir qila olamizmi? Kortni Stivens haligacha o‘rganilayotgan bu tuyg‘u va uning foydasi haqida so‘zlab beradi.

«TED Talk» dunyoning turli burchagidagi yorqin fikr namoyondalarining ommalashuvga munosib g‘oyalarini («Ideas worth spreading») almashishlari uchun yaratilgan o‘ziga xos platforma vazifasini bajaradi. 1984 yili TED (Technology, Entertainment, Design) birinchi marta tashkil etilganda, unda texnologiya, san’at va dizaynga oid mavzular muhokama qilingan. Bugungi kunga kelib esa, TED doirasida dunyoning 110 tilida atrof-muhit masalalaridan tortib, san’at sohasigacha bo‘lgan mavzular qamrab olingan.