Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan biri butunlay sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi. Ushbu fuqaro 14 mart kuni London — Toshkent yo‘nalishidagi reys bilan poytaxtga kelgan va 16 mart kuni unda koronavirus kasalligi aniqlangan edi.

O‘tgan vaqt davomida u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida to‘liq davolandi va ushbu kasallikdan sog‘ayganlar soni 8 nafarga yetdi.

Shu bilan bir qatorda, SSV Farg‘ona viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan 26 nafar COVID-19 bemoridan birining ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qildi.

Mazkur bemor yaqinda Umra safaridan qaytgan va 24 mart kuni unda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. 59 yoshli bemor shu vaqtgacha surunkali o‘pka va gipertoniya xastaligi bilan dispanser nazoratida turgan. Hozirda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan bemorda o‘tkir nafas yetishmovchiligi ikkinchi darajasi kuzatilmoqda. U ayni paytda sun’iy nafas olish apparatiga olingan.