Gonkong univeristeti olimlari COVID-19 koronavirusning qaysi sharoitlarda mo‘’tadil qolishini o‘rganish maqsadida tadqiqot olib borishdi. Tadqiqot xulosalarini ular medRxiv.org onlayn ilmiy kutubxona portalida e’lon qilishdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, havo harorati 4 °C bo‘lganida virus faol bo‘ladi, 70 °C haroratda deyarli o‘z kuchini yo‘qotadi hamda gigiyenaning standart qoidalariga rioya qilganda butunlay yo‘qoladi.

Olimlar COVID-19 koronavirusining turli darajadagi havo haroratlarini tekshirish maqsadida, virus namunalarini turli sharoitlarda 1 daqiqadan 14 kungacha qoldirishgan, so‘ngra namunalarning patogen faolligi tekshirilgan.

Natijada, virus uchun eng «qulay» havo harorati 4 °C ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu haroratda virus 2 hafta mobaynida ham deyarli zaiflashmagan. 22 °C havo haroratida virus 7 kungacha faolligini saqlab qolgan bo‘lsa, 37 °C haroratda virus ikkinchi kunning o‘zidayoq faolligini yo‘qotgan.

Tadqiqotlar davomida virusning uzoq muddatda bo‘lgan faolligi yettinchi va o‘n to‘rtinchi kunda tekshirilgan. Shuning uchun uning sakkizinchi, to‘qqizinchi va keyingi kunlardagi faolligi bo‘yicha aniq ma’lumot berish qiyin.

Ushbu olimlarning COVID-19 koronavirus bo‘yicha o‘tkazgan boshqa tadqiqotlariga ko‘ra, virus plastik va po‘lat yuzalarda 7 kun davomida saqlanishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu virus xona harorati va 65% namlik sharoitida tibbiy niqoblarning tashqi qismida yetti kun va ichki qismida 4 kun saqlanishi mumkinligi aytilgan.

Virus eng qisqa muddat qog‘oz yuzada saqlanishi ham ma’lum bo‘lgan. Oddiy yoki papiros qog‘ozlarida virus patogenlari 3 soat ichidayoq yo‘qolgan.

Tadqiqot oxirida mutaxassislar oddiy sovun, 70% etil spirti va boshqa an’anaviy vositalarning virusga qarshi kurashdagi samaradorligini o‘rganishgan. Barcha vositalar foydali ekanligi tasdiqlangan.