Koronavirus infeksiyasiga chalingan 83 nafar fuqarodan 23 nafari xorijda bo‘lgan, 60 nafari esa ular bilan muloqotda bo‘lgani uchun yuqtirib olgan, xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasi qayd etilishi holatlari 83 tani tashkil etmoqda. Ulardan 35 nafari erkak, 48 nafari esa ayollar. Shundan 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir.

Yosh jihatdan qaraydigan bo‘lsak, 0−9 yoshgacha — 5 nafar, 10−19 yoshgacha — 2 nafar, 20−29 yoshgacha — 24 nafar, 30−39 yoshgacha — 17 nafar, 40−49 yoshgacha — 16 nafar, 50−59 yoshgacha — 11 nafar, 60−69 yoshgacha — 7 nafar hamda 70 — 79 yoshgacha bo‘lganlar ham 1 nafarni (miokard infarktdan vafot etgan bemor) tashkil etmoqda.

Hozirga qadar Fransiya, Turkiya, BAA, Rossiya, Saudiya Arabistoni hamda Shveysariya davlatlarida bo‘lib qaytgan 23 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lib, 60 nafar fuqaro esa ular bilan yaqin muloqotda bo‘lgani uchun yuqtirib olishgan.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarning 6 nafari Farg‘ona, 5 nafari Namangan va 3 nafari esa Andijon viloyatlaridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Shu yilning 22 mart kuni Istanbul-Buxoro charter reysida O‘zbekistonga olib kelinib, karantinga olingan fuqarolar orasidan poytaxtlik, Toshkent va Andijon viloyatidan 3 nafar kishida ham koronavirus infeksiyasi aniqlangandi.

Ayni paytda ushbu bemorlar Buxoro viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonada davolanishmoqda. Qolgan bemorlar esa poytaxtiyudagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan barcha bemorlarga standartlar asosida davolash muolajalari olib borilmoqda.