27 mart kuni soat 00:01 dan boshlab, Buxoro shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Buxoro shahridan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan viloyat tumanlariga chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) to‘xtatiladi. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bergan.

Cheklovlar quyidagi hollarda tatbiq etilmaydi:

  • yuk tashish bilan bog‘liq hollarga
  • Buxoro shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga Buxoro shahriga kirish uchun;
  • viloyat tumanlaridan Buxoro shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari;
  • viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan ma’sul xodimlarga.

Buxoro shahriga kirish faqat to‘rt yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi: Yangi hayot ko‘chasidagi «Karvonbozor» chorrahasi; Sharq aylanma yo‘lidan (xalq tilida «Sharq bozorchasi» yo‘nalishidan); Buxoro aylanma yo‘lininig Zarmonoq chorrahasidan; Jondor bosh bekatidan Ibn Sino ko‘chasi bilan M-37 kesishgan chorrahadan. Ushbu joylarda tashkil etilgan karantin postlarida transport vositalari va yo‘lovchilar dezinfeksiya qilingan holda shaharga kiritiladi.

Oldinroq, Samarqand, Andijon va Namangan shaharlari transport kirishi va chiqishi uchun yopilayotganini ma’lum qilgan edik.