O‘zbekiston Adliya vazirligi Gulnora Karimovaning xorijda muzlatib qo‘yilgan aktivlarning bir qismini O‘zbekistonga qaytarishi haqidagi bayonot yuzasidan izoh berdi.

2019 yilda xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan Gulnora Karimovaga nisbatan oldin olib borilgan tergov harakatlari bilan qamrab olinmagan jinoyatlar haqida xabarlar kelib tushdi. Bu esa yangidan ochilgan holatlar bo‘yicha yangi jinoyat ishi ochilishiga asos bo‘ldi.

Tergov Gulnora Karimova o‘ziga yaqin shaxslardan iborat bir nechta uyushgan jinoiy guruh tuzib, jinoiy uyushmaga rahbarlik qilganligi, respublikaning sanoat korxonalarida faoliyat yuritib, unga jinoiy yo‘l bilan orttirilgan daromaddan ulush berib turgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, jinoiy ish materiallariga ko‘ra, Gulnora Karimova fuqarolarga va turli kompaniyalar egalariga bosim o‘tkazish va qo‘rqitish yo‘li bilan o‘zlarining mulklarini unga qarashli kompaniyalarga qayta rasmiylashtirib berishga majburlagan.

Ish bo‘yicha tergov davomida Gulnora Karimovaning qonuniy huquq va manfaatlarini u va uning yaqin qarindoshlari tomonidan jalb etilgan 7 nafar advokat himoya qildi. Bundan tashqari, barcha tergov tergov harakatlarida advokatlarning ishtiroki ta’minlandi va ularning hech qanday cheklovlarsiz Gulnora Karimova bilan xoli uchrashishiga imkoniyat yaratib berildi.

Tergov tadbirlari davomida O‘zbekiston jinoyat-protsessual qonunchiligining buzilishiga, shuningdek gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

O‘tkazilgan sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Oldin ko‘rilgan jinoiy ishlar, shuningdek, so‘nggi jinoiy ish doirasida yetkazilgan zarar miqdori 3,8 trln so‘m va 165 mln AQSH dollarini tashkil etdi.

Shu bilan birga, Gulnora Karimovaga oid xabarlarda mulklarni qaytarish masalasi yana ko‘tariliyotganligi munosabati bilan Adliya vazirligi Gulnora Karimovaga nisbatan boshqa davlatlarda ham tergov harakatlari olib borilayotganligini eslatib o‘tishni joiz deb hisoblaydi. Ushbu ishlar bo‘yicha Gulnora Karimova jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mablag‘larni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urganlikda ayblanmoqda.

Xorijiy davlatlarda olib borilayotgan tergov materiallari va rasmiy manbalarda keltirilishicha, Gulnora Karimova va unga aloqador shaxslar tomonidan Latviya, Shveysariya, Fransiya, Shvetsiya, Niderlandiya va ehtimol boshqa davlatlarda jinoiy yo‘l bilan bilan orttirilgan mablag‘larni yuvish bo‘yicha noqonuniy korrupsion sxemalar amalga oshirilgan.

Qayd etish joizki, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.

Xususan, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd dollardan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan, ular anchadan buyon Gulnora Karimova (uning oila a’zolari)ning tasarrufida emas, deyiladi xabarda.

Adliya vazirligining qayd etishicha, O‘zbekistonga mulklarni Gulnora Karimovaning o‘zi qaytarganligi yoki qolgan mulklar bevosita Gulnora Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi ta’kidlar huquqiy asosga ega emas va shu bois haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.