Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni koronavirus infeksiyasiga qarshi dezinfeksiya ishlarini o‘tkazish kerakligi aytib jinoyat sodir etishi mumkin bo‘lgan kutilmagan «dezinfektor"larni uyga kiritmaslikka chaqirmoqda. Vazirlik matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov bu haqda ma’lum qildi.

«Shunday kimsalar borki, bunday vaziyatdan o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanib qolishga harakat qilishadi. Ularning asosiy nishoni aholining eng zaif qatlami bo‘lgan qariya va bolalar ekani achinarli holat, albatta», — deyiladi xabarda.

«Shuning uchun katta yoshdagilardan begonalarni uyga kiritmaslikni iltimos qilamiz, xatto ular koronavirus infeksiyasiga qarshi dezinfeksiya ishlarini o‘tkazishimiz kerak, degan holatda ham ishonmaslikka chorlaymiz, chunki bu jinoyat maqsadida keltirilgan bahona bo‘lishi mumkin», — deya ma’lum qildi Shoxruh G‘iyosov.

«Bu kabi talab bilan uyingizga biron bir kimsa kelgan taqdirda „102“ qisqa raqamiga yoki hududingizda faoliyat yurituvchi profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz», — deya ogohlikka chaqirdi vazirlik.