4 mart kuni Qashqadaryo viloyatining ayrim tumanlarida lavozimiy o‘zgarishlar yuz berdi. Shulardan biri — jamoatchilik e’tiborida bo‘lgan Mirishkorning so‘kong‘ich hokimi Baxtiyor Rajabov ishdan olindi. Uning o‘rniga tuman hokimi etib, G‘ayrat Begaliyev tayinlandi, deb xabar bermoqda viloyat axborot xizmati.

O‘tkazilgan Xalq deputatlari Mirishkor tuman kengashi yig‘ilishida viloyat hokimi Zoir Mirzayev hamda prezident maslahatchisi Sherzod Kudbiyev qatnashgan. Deputatlar shu paytga qadar Qarshi tumaniga rahbarlik qilgan G‘ayrat Begaliyev nomzodini ma’qullab, ovoz berishgan.

Avvalroq, viloyat hokimi o‘z munosabatida Mirishkor tumani sobiq hokimining harakati Qashqadaryo uchun dog‘ ekanini ta’kidlab, ko‘p vaqti rahbarlarni tartibga chaqirish bilan o‘tib ketishini aytgandi. Shuningdek, viloyat hokimligi axborot xizmati Rajabovning ishi bo‘yicha tegishli tashkilotlar o‘rganish olib borib, xulosa berishini ma’lum qilgan.

«Gazeta.uz» manbasi axborotiga ko‘ra, Qarshi tumaniga viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan Maqsuda Mustafoyeva tayinlanishi kutilmoqda.