Dushanba, 2 mart kuni mamlakatning barcha hududida ob-havo bahoriy — iliq va quyoshli bo‘ladi, deya xabar qildi O‘zgidromet. Turkmaniston hududidan kirgan havo oqimi haroratning ko‘tarilishiga olib keladi, kunduzi harorat 20−25 daraja iliq, bu me’yoriy qiymatlardan 9−11 darajaga yuqoridir.

Yaqin ikki kun davomida respublika hududiga Kaspiy dengizi janubiy tumanlaridan harakat qilayotgan bulutlar hisobiga harorat bir oz pasayadi. Mamlakat bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, faqat 4 martda Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari, kechga borib esa Samarqand viloyatida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 3−4 martda respublika bo‘yicha shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha kuchayishi kutilmoqda.

5 martda Kaspiy dengizi shimoliy hududidan mamlakatga nam va salqin havo oqimining kirishi kutilmoqda, bu havo o‘zi bilan yomg‘ir va salqin olib keladi. Faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy tumanlarida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Harorat kechasi 2−7 daraja iliq, kunduzi 7−12 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Ish haftasining oxirida yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmayapti, sovuq va nam havo oqimi ta’sirida harorat kechasi 0−5 daraja iliq, kunduzi 7−12 daraja iliq bo‘ladi. Shu kunlardagi harorat mazkur davr uchun xos bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan bir oz past bo‘ladi.