O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini xotirjam bo‘lishga va «O‘zbekistonga qaytishga qaratilgan provokatsion chaqiriqlarga berilmaslikka» chaqirdi.

Diplomatik vakolatxona Janubiy Koreya hukumati COVID-19 koronavirusi aniqlangan taqdirda xorijiy fuqarolarga bepul malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishini kafolatlaganini eslatib o‘tdi.

Koreya Respublikasi hukumati tomonidan koronavirusga qarshi kurashish va uning tarqalishini oldini olish bo‘yicha tibbiyot sohasidagi eng zamonaviy texnologiyalar va tezkor diagnostika uslublarini qo‘llanilgan holda qo‘shimcha chora-tadbirlar tadbiq etilmoqda, deyiladi xabarda.

1 martdan boshlab O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan havo qatnoviga cheklovlar kiritdi. Reyslar soni haftasiga bittaga qisqartirildi. Janubiy Koreyadan kelganlar 14 kun davomida karantinga olinadi.

2 mart kuni ertalabki ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 89 ming kishini tashkil etdi, 3044 kishi vafot etdi, 44895 kishi shifo topdi. Xitoydagi holatlar soni 80 mingdan oshdi, o‘lim — 2912. Janubiy Koreyada esa 4212 kasallikka chalinish va 22 o‘lim holati qayd etildi. Italiyada xastalangan soni eng kamida 1694 kishi, vafot etganlar esa 34 kishiga yetdi, Eronda — 978 ta holatda 54 kishi vafot etgan.

Koronavirus infeksiyasining oldini olish uchun O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi quyidagilarni tavsiya qildi:

— jamoat joylariga chiqmaslik;

— nafas olish organlarida kasallik belgilari mavjud bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilmaslik;

— maxsus gigiyenik niqoblardan foydalanish;

— faqat issiq va yaxshi pishirilgan taomlar iste’mol qilish;

— ovqatlanishdan oldin qo‘llarni yaxshilab yuvish;

— antiseptik maxsulotlardan foydalanish;

— xayvonlar oldiga yaqinlashishdan saqlanish;

— agar isitmangiz ko‘tarilib, respirator kasallik alomatlarini sezsangiz, darhol 1339 telefon raqamiga ko‘ng‘iroq qiling.