O‘zbekiston prezidenti Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etish hamda Toshkent kimyo texnologiya institutida mutaxassisliklar va o‘quv dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident ishtirokida kimyo sanoatini isloh qilish bo‘yicha istiqbolli rejalar hamda joriy yilda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish 24 fevral kuni o‘tkazildi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohani isloh qilish, korxonalar samaradorligi va salohiyatini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Tarmoqdagi har bir korxona faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, mahsulotlar sifatini oshirish, energiya sarfini kamaytirish hisobiga tannarxni pasaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. «Raqamli texnologiyalar»ni qo‘llash, inson hayoti uchun xavfli jarayonlarda avtomatizatsiya darajasini ko‘tarish muhimligi qayd etildi.

Kimyo sohasida yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish, bunga xorijiy investorlarni keng jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.

To‘qimachilik, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, iste’mol tovarlari, oziq-ovqat va farmatsevtika uchun zarur xomashyo ishlab chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

«Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid ishlab chiqarishni tez muddatda loyiha quvvatiga olib chiqish hamda ikkinchi bosqichini loyihalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

«Farg‘onaazot» aksiyadorlik jamiyati, Qo‘ng‘irot soda zavodi va Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodida davlat ulushini investorlarga sotish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Kichik tonnajli kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, shu maqsadda «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida bo‘sh turgan maydonlar negizida ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil qilish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda ushbu tarmoqda ta’lim va ilm-fanni takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash juda muhimligi ta’kidlandi. Ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash, buning uchun tadqiqotlarning soha korxonalari ehtiyojiga hamohangligini ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.