Joriy yilning 7 fevral kuni soat 17:45 atrofida poytaxtning Sergeli tumani Nilufar va Nilufar-3 tor ko‘chalari chorrahasida avtobus va yengil avtomobil ishtirokida yo‘l transport hodisasi yuz berdi, deya xabar qildi «Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 12-avtobus saroyi tasarrufidagi 117-yo‘nalishda qatnovchi Isuzu rusumidagi avtobus o‘z yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajali yo‘ldan, ya’ni Nilufar ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan bo‘lgan. Shu vaqt ikkinchi darajali yo‘ldan, ya’ni Nilufar 3-tor ko‘chasidan chiqib kelgan Captiva avtobusning chap orqa qismiga zarba bergan va natijada avtobus o‘z muvozanatini yo‘qotib, ag‘darilgan.

YTH natijasida ikki nafar yo‘lovchi yengil shikastlandi va ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatildi. Hodisa yuzasidan YHXB tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.