Adliya vazirligi jazoni ijro etish muassasalarini o‘z qaramog‘iga olish rejasida emas. Vazir Ruslanbek Davletovning «Gazeta.uz» muxbiriga ma’lum qilishicha, qamoqxonalarda qiynoqlar va zo‘ravonlikka qarshi samarali kurash uchun tizimning o‘zida islohot qilsa bo‘ladi. U buning uchun ma’muriy boshqaruvda o‘zgarishga muhtojlik yo‘qligini ta’kidladi.

3 feral kuni jurnalistlar bilan uchrashib, vazirlik faoliyati bo‘yicha hisobot bergan Ruslanbek Davletov mahkum va qamoqxonada saqlanayotgan shaxslarning haq-huquqlari haqida gapirdi.

U jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlar tizimli bo‘lmasa-da, ayrim holatlarda uchrab turganini tan olib, soha islohotga muhtojligini bildirdi. Ammo bu JIEMda ma’muriy boshqaruv tizimi o‘zgarish talab etilmaydi, deya qo‘shimcha qildi u.

«Aytmoqchimizki, bu qaysi tashkilotning qoshida bo‘lishidan qat’iy nazar u yerda islohot qilish mumkin, manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lishidan qat’iy nazar juda katta nazorat tizimi bor, va o‘ylaymanki, oxirgi yillarda bu borada juda katta o‘zgarish bo‘ldi. Ozgina holat bo‘lsa ham, mana, darrov jamoatchilikka chiqyapti», — deya e’tirof etdi u.

Vazirning qayd etishicha, muayyan jinoyat ishi doirasida bir huquq-tartibot organ ham operativ ma’lumot yig‘ish, ham tergov bilan shug‘ullanishi, qolaversa, gumondor yo ayblanuvchini qamoqda saqlashga mas’uliyatli bo‘lishi organning faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarmaydi. Amaldagi mexanizm tatbiq etilganda qiynoqlar sodir etilishini tugatsa bo‘ladi, deya munosabat bildirdi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, vaziyat yaxshi bo‘ladi, lekin Adliya vazirligi yaqin kelajakda bu vazifani o‘z zimmasiga olmaydi.

Rivojlangan davlatlar, xususan AQSHda, penitensiar muassasalar Adliya vazirligi huzuridagi byuro vakolatida tartibda solinadi. Bundan asosiy maqsad — tezkor ma’lumot yig‘ish va tergov organlari faoliyatida gumondorga nisbatan qiynoq ishlatish imkoniyatlari kamaytirilgan. Adliya vazirligi mahkumlarning sog‘-salomat saqlanishi, huquqlari poymol etilmasligiga javobgar organdir.