Respublikadagi oliy ta’lim muassasalarini ilmiy metodik ta’minlash uchun 4 ta yo‘nalish bo‘yicha bazaviy OTM belgilandi, deya xabar qildi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

Mazkur qaror 4 fevral kuni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti tomonidan 31 yanvar kuni davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida o‘tkazilgan uchrashuvda belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan qabul qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti matematika va biologiya, Toshkent davlat texnika universiteti geologiya, Samarqand davlat universiteti kimyo yo‘nalishi bo‘yicha bazaviy oliy ta’lim muassasalari etib belgilandi.

Mazkur OTMlarga amalda qo‘llanilayotgan darsliklarni tahlil qilgan holda, keyingi o‘quv yili uchun yangi adabiyotlarni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, bazaviy ta’lim muassasalarining mas’ul kafedralari tomonidan yil davomida ilmiy metodik seminarlar tashkil etiladi.