1 fevral kuni Bosh prokuraturada Yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi nazorat organi matbuot xizmati.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda yer maydonlarini ajratish va undan foydalanishdagi tizimli kamchiliklar, tegishli idoralarda mazkur sohada korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amaliy ishlar oqsayotganligi, tizimdagi ayrim rahbarlar bu illatdan qutula olmayotganligi tanqidiy muhokama etildi.


Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev ma’ruzasida, xususan, so‘nggi yillarda sug‘oriladigan yer maydonlari Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Jizzax, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida kamayganligi, Andijon, Toshkent, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida yer holati yomonlashganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Zaxiraga olingan yer maydonlarini ajratishning ochiq va shaffof tizimi hanuzgacha yo‘lga qo‘yilmaganligi, bu esa turli suiiste’molchiliklarga, ekin maydonlarining egasiz qolib, hatto yo‘qotilishiga olib kelayotganligi aniq misollar bilan ko‘rsatildi.

Yangiyo‘l tumanida 2016 yil may oyida zaxiraga olingan 64 ball bonitetli 1,5 gektar unumdor ekin maydoni hech kimga ajratib berilmagan. Oqibatda ushbu maydonni 10 nafar fuqaro egallab, uy — joylar qurib olgan. Ushbu unumdor ekin maydoni qishloq xo‘jaligi yerlari toifasidan asossiz chiqarilib, noqonuniy qurilgan uy — joylarga kadastr hujjatlari tayyorlab berilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.

Suvli bog‘ va daraxtzorlarga talabgorlar yetarli bo‘lsada, Andijon, Xorazm, Namangan, Surxondaryo, Jizzax viloyatlarida bog‘ va daraxtzorlar zaxirada qolayotganligi tanqid ostiga olindi.

Yerlarga egalik qilish, doimiy va vaqtinchalik foydalanish uchun ajratishda hamda ijaraga berishda jiddiy qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniq raqam va misollar yordamida ko‘rsatib berildi.

Bosh prokuror ma’ruzasida, so‘nggi ikki yilda 56 ming gektar yer maydoni hokimliklar tomonidan noqonuniy ajratilganligini ko‘rsatib, mutasaddi rahbarlardan qonun talablariga qat’iy rioya etish talabini qo‘ydi.

O‘tgan yilda respublika bo‘yicha 83 ta holatda 112 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydoni qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer sifatida ajratib yuborilgan.

Misol uchun, Jarqo‘rg‘on tumanida 1,5 gektar sug‘oriladigan ekin maydoni g‘isht sexi qurish, Toshkent tumanida 20 sotix maydon savdo majmuasi qurish uchun shunday yo‘l bilan qonunga zid ajratib berilgan.

So‘nggi ikki yilda yer sotish, talon — toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 473 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 543 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu jinoyatlarning 71 tasini poraxo‘rlik, 354 tasini firibgarlik,37 tasini soxtakorlik kabi qilmishlar tashkil etadi.

Bu davrda 295 nafar mansabdor shaxs yer qonunchiligini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilganligi, ularning 119 nafari yoki 40 foizini yer kadastri xodimlari tashkil etishi qattiq tanqid qilindi.

Misol uchun, Buloqboshi tuman yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i fuqaro U.ga 4 sotix yerni uy-joy qurish uchun ajratib berish evaziga 4 ming dollar olganda jinoyat ustida ushlangan.

Muborak tuman bo‘limi mutaxassisi fuqaro E.ga issiqxona qurish uchun yer ajratishni va’da qilib, 14 ming dollar olganligi uchun sud hukmi bilan yetti yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Qo‘mitaning faoliyati faqat kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishdan iborat «Yermulkkadastr» korxonasi xodimlari ham bunday suiiste’molchiliklarga berilganligi ham ko‘rsatildi.

Masalan, Andijon shahar «Yermulkkadastr» rahbari fuqaro Q.ga 4 sotix yer ajratishni va’da qilib, 10 ming dollar olganligi uchun sud hukmi bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Oltiariq tuman «Yermulkkadastr» mutaxassisi fuqaro N.ga 5 gektar yerni bog‘ tashkil etish uchun ajratib berish evaziga 22 ming dollar va 28 mln. so‘m olgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan.

O‘tgan ikki yilda hokimliklarning 23 nafar, arxitektura va qurilish idoralarining 14 nafar xodimi yer bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Misol uchun, Arnasoy tumani hokimining o‘rinbosari tadbirkorga parrandachilik kompleksi uchun yer ajratish evaziga 13 ming dollar talab qilib, shundan 3 ming dollarni olganda qo‘lga olingan.

Yer ajratish evaziga Urganch tumani hokimi o‘rinbosari 5 mln. so‘m, Xiva shahri hokimi o‘rinbosari 2 ming dollar, Chust tumani hokimi o‘rinbosari 2.000, Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari 6.000, Navbahor tumani hokimining o‘rinbosari 11 ming dollar pora olganligi uchun javobgar bo‘lgan.

Ma’ruzada ekin yerlarini asrash, holatini yaxshilab borishga yer nazoratiga mas’ul idoralar tomonidan yetarli e’tibor berilmaganligi oqibatda yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy bino va inshootlar qurish, ekin maydonlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tkazilayotgan xatlovlarda, respublika bo‘yicha 3900 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, 6 ming gektar maydonga noqonuniy qurilishlar qilingani, 11 ming gektar yerdan samarasiz va maqsadsiz foydalanib kelingani aniqlandi.

Ishchi guruhlar tomonidan Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan xatlovda qariyb 23 ming gektar maydondagi 142 mingdan ortiq bino va inshootlarning biron bir hujjati mavjud emasligi, 1450 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi, 855 gektar yerda ob’ektlar noqonuniy qurilgani aniqlangan.

Xatlov jarayonida ayrim mutasaddilar yo‘l qo‘ygan jiddiy qonun buzilishi holatlari ham aniqlangan.

Misol uchun, Yangiyo‘l tuman «Yermulkkadastr» xodimlari yer ajratilgani haqida hokimning qalbaki qarorini tayyorlash, qurilmagan uyni go‘yoki qurilgan deb qalbaki kadastr hujjatini tuzish orqali 12 nafar fuqaroga 7 gektar yerni berib yuborgan.

2019 yil 17 dekabr kuni Zangiota tuman hokimligi umumiy bo‘limi mudiri va fuqaro S. 30 sotix yer maydoni ajratib berish evaziga fuqaro X.dan 120 ming dollar olganda qo‘lga olingan.

Bu holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.

Ayrim fermerlar ijaraga berilgan yer maydonlarini noqonuniy sotayotganligi ham tanqid ostiga olindi. So‘nggi ikki yilda 76 nafar fermer yerlarni noqonuniy sotganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.

Zangiota tumani «Semurg‘» fermer xo‘jaligi boshqaruvchisi T. fuqaro P.ga 70 sotix sug‘oriladigan yerning har bir sotixini 5 ming dollardan, jami 350 ming dollarga sotishga kelishib, shundan 50 ming dollarни olayotganda ushlandi. Vaholanki, ushbu yer maydoni Zangiota tumani hokimining qarori bilan shu fermer xo‘jaligiga meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash sexi tashkil qilish uchun berilgan.

Qibraydagi «Toshkent oazis» fermer xo‘jaligi rahbari I. ham 26 sotix yer maydonini 3 nafar fuqaroga jami 208 ming dollarga sotib yuborganligi uchun tergov qilinmoqda.

Yig‘ilishda, yerga oid qonun buzilishi holatlarining oldini olishga ko‘maklashishga mas’ul Fermerlar Kengashi, mahalla raislari, uchastka profilaktika inspektorlari yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilmalarni oldini olishda tashabbus ko‘rsatmayotganligi ta’kidlanib, ulardan yanada faollik ko‘rsatish so‘raldi.

Oxirgi ikki yilda 21 nafar mahalla raisi yer bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgar bo‘lganligi tanqid ostiga olindi.

Misol uchun, Xiva tumanidagi «Qushchi Kattabog‘» mahallasi raisi E. fuqaro R.dan 2 ta turar-joy uchun zaxiradagi yerlardan ajratishni va’da qilib, 10 ming dollar talab qilgan hamda shundan 5 ming dollarни olgan vaqtida ushlangan.

Qarshi tumanida esa «Kat» mahallasi raisi Sh. fuqaro U.ga 12 sotix yerni uy-joy qurish uchun ajratib berish evaziga 70 mln so‘m olganda qo‘lga olingan.

Yig‘ilishda aholi soni tobora oshib boradigan, yer maydonlari hajmi esa cheklangan sharoitda, bu sohadagi korrupsiya, tizimli kamchilik va qonunbuzilishlarni bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.