27 yanvar kuni O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hukumat rahbari Abdulla Aripov tomonidan vazirlik xodimlariga tanishtirildi, deb xabar bermoqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati.

Yangi vazirni qutlab, avval Madaniyat vazirligini boshqargan, ayni paytda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi etib tayinlangan, senator Baxtiyor Sayfullayev ham nutq so‘zlagan.

«Vazir Ozodbek Nazarbekov barchaga minnatdorchilik bildirgan holda, ustozi Baxtiyor Sayfullayevni yana bir karra qutlab, ularning tajriba va maslahatlariga tayanishini bildirdi. Shuningdek, vazirlik jamoasiga o‘z ishonchlarini aytib, soha rivoji uchun kamarbasta bo‘lishlarini tilab qoldi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan taqdim etilgan hukumatning yangi tarkibida faqat Madaniyat va Transport vazirliklarida o‘zgarish yuz bergandi. Deputatlarning 138 nafari (umumiy 150 nafar) Ozodbek Nazarbekov nomzodini madaniyat vaziri lavozimiga loyiq, deb topishgan. Bunga qadar u vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.