O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnoma yo‘llamoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari o‘z so‘zining avvalida yaqinda bo‘lib o‘tgan saylov natijalari, aholining faolligi va jipsligi haqida gapirdi:

«Jonajon O‘zbekistonimiz yangi o‘n yillikka qadam qo‘ymoqda. Erishgan natijalarimiz tarixga aylanib, oldimizda yangi-yangi o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha ulkan vazifalar va imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.

Shu bois, bugun Sizlar bilan birgalikda, mamlakatmizni 2020 yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish bo‘yicha, ustuvor yo‘nalish va vazifalarni belgilab olishimiz zarur.

Yaqinda «Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar» shiori ostida bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasida respublikada demokratik islohotlarni yuqori bosqichga olib chiqish uchun, zarur bo‘lgan yangi siyosiy muhit vujudga keldi.

Saylovlar ochiq-oydin, xalqaro standartlar asosida o‘tkazilishini nazorat qilish uchun 50 ga yaqin davlatdan hamda 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchilar ishtirok etdi.

Birinchi marta Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 316 kishilik to‘laqonli missiyasi bilan yaqin hamkorlik qildik.

Xalqaro kuzatuvchilar, saylovlar erkin raqobat muhitida, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida o‘tganini, bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli sezilarli darajada oshganini alohida e’tirof etdilar.

Barcha xalqaro kuzatuvchilarga, saylov jarayonlari haqidagi xolis fikrlari va tavsiyalari uchun, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Biz albatta, ushbu tavsiyalarning har birini chuqur o‘rganib, tegishli dastur qabul qilib, amaliyotga keng joriy etamiz.

Bu borada, saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalarning o‘z elektorati bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirish, oldimizda turgan muhim masalalardan biridir.

Shu bilan bir qatorda, mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazishning uch pog‘onali tizimini optimallashtirish, bunda tuman va shahar saylov komissiyasining rolini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Parlament va Markaziy saylov komissiyasi, saylov yakunlari bo‘yicha rejalashtirilgan vazifalarni amalga oshirishda, yaqin hamkorlikda ish olib borishi zarur bo‘ladi.

Barcha deputat va senatorlarga, ularning timsolida butun O‘zbekiston xalqiga murojaat qilib, aytmoqchiman: demokratik islohotlar yo‘li — biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Bu borada biz, har kuni izlanishdamiz, xorijdagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganib, hayotimizni, ish uslubimizni yangilashga harakat qilmoqdamiz.

Biz yangi O‘zbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulug‘vor maqsadni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.

Bu borada «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib bormoqda.

Islohotlarning amaliy natijadorligini oshirishda, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholimizning yanada faolroq, yanada tashabbuskor bo‘lishiga erishmog‘imiz lozim.

Eng asosiysi, bu islohotlar natijasida xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak.

Odamlarimiz yetarli daromad topishi uchun eng qulay biznes va investitsiya muhitini shakllantirib, yangi-yangi korxonalar va ish joylarini ko‘paytirishimiz zarur.

Bu g‘oyat dolzarb ishlarni o‘zimiz qilmasak, hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi.

Xalqimiz, shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi.

Men bunga qat’iy ishonaman va bu fikrni sizlar ham qo‘llab-quvvatlaysizlar, deb o‘ylayman."

Murojaatnoma davom etmoqda.