Seshanba kuni O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan Abdulla Aripov parlament qarshisida nutq so‘zlab, faoliyati davomida rejalashtirgan ishlar haqida ma’lumot berdi. «Gazeta.uz» hukumat rahbari etib tayinlangan Abdulla Aripov bildirgan reja va mulohazasini qisqacha bayon etadi.

Bosh vazir lavozimga tavsiya etilgan nomzod minbarga ko‘tarilib, o‘tgan saylov bilan barchani qutladi. U Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi loyihasi bilan majlis ishtirokchilarini tanishtirdi.

Dastur loyihasida ijro apparatining asosiy e’tibori iqtisod va sanoat tarmoqlarini rivojlantirish orqali aholi turmushini yaxshilashga qaratilgani bildirildi.

Abdulla Aripovning aytishicha, O‘zbekistonni 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib yaqin kunlarda tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 2020 yilda 5,5 foizdan kam bo‘lmasligi va keyingi besh yilda esa o‘rtacha 6 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Inflyatsiya sur’atlarini pasaytirish tendensiyasiga o‘tkazish eng asosiy vazifalardan biri bo‘ladi. Bosh vazir yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning birja savdolarida sotishning yagona tartibi joriy qilinishini aytdi.

Abdulla Aripov elektrotexnika sanoatiga iqtisodiy o‘sishning drayveri sifatida baho berdi. U joriy yilda 2020−2030 yillarda Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishini e’lon qildi. Mamlakat aholisining elektrotexnika va maishiy texnika mahsulotlariga bo‘lgan talabini 80−90 foizga mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash hisob-kitob qilinmoqda.

2025 yilga kelib, elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini 1,4 barobarga, tabiiy gaz qazib chiqarishni 1,2 barobarga, neft mahsulotlari ishlab chiqarishni 2,1 barobarga oshirish ta’minlanadi. Elektr energiya ishlab chiqarishda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi.

Respublikada mavjud 21 ta erkin iqtisodiy hamda 156 ta kichik sanoat zonalari soni aholi zich joylashgan va tadbirkorlik rivojlangan hududlarda bo‘sh turgan binolar va yerlar bazasida yangi kichik sanoat zonalari tashkil etish orqali kamida 2 barobarga oshirilishi ko‘zlanmoqda.

Bozor tamoyillariga asoslangan korporativ boshqaruv prinsiplarini joriy etish maqsadida 2020−2023 yillarda Davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish, boshqarish va isloh qilish strategiyasi ishlab chiqiladi. Ko‘riladigan choralar natijasida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2020 yil yakunida 62 foizdan oshirishga erishiladi. Jahon bankining biznesni yuritish indeksida O‘zbekistonning hozirgi 69-o‘rnidan 2030 yilda 20-o‘ringa ko‘tarish maqsad qilib olingan.

Endilikda uy-joylar qurilishida yangi turdagi energiya tejamkor qurilish materiallaridan keng foydalangan holda ko‘p qavatli: qishloq massivlarida 5−7 qavatli, shaharlarda esa 12−16−18, hatto 30 qavatgacha bo‘lgan uylar quriladi.

Suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish, paxta va g‘allachilik tarmoqlarida bozor tamoyillarini joriy etish, yer resurslaridan oqilona foydalanish masalalari haqida ham so‘z yuritildi.

Tez orada «Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririni qabul qilinishi ma’lum qilindi. Xalq ta’limi tizimida 2020 yildan boshlab «Zamonaviy maktab» loyihasini amalga oshirish boshlanadi va 2021 yilda 3 foiz, 2025 yilga borib 20 foiz ta’lim muassasalari qamrab olinadi.

Yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi hozirgi 20 foizdan 2025 yilda 35 foizga yetkaziladi, xorijiy xususiy oliy ta’lim muassasalari soni be yilda kamida 30 taga ko‘paytiriladi. Barcha oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish rejada bor.

Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish borasida Sog‘liqni saqlash kodeksi loyihasi, majburiy tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish, davlat tibbiyot tashkilotlarining moliyalashtirish tizimini tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Toshkent shahar aholisiga zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan va yagona call-markaziga ulangan Ford rusumli 150 ta tez tibbiy yordam reanimobillari xizmati yo‘lga qo‘yildi/ 2022 yilga qadar respublikaning qolgan hududlariga jami 1500 ta shunday reanimobillar yetkazib beriladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish sohasida 2020−2022 yillarda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat tizimi, zamonaviy va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng va faol joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hukumatning navbatdagi muhim ustuvor vazifasi hisoblanadi.

Shuningdek, 2030 yilgacha raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi. Respublikaning barcha tumanlarida kamida 150 ta yangi raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etiladi.

2020−2030 yillarda Avtomobil yo‘llari va Transport tizimini rivojlantirish strategiyalari ishlab chiqiladi. Umuman olganda, transport tarmog‘iga xususiy va xorijiy kapitalni hamda boshqaruvni jalb qilish choralari ko‘riladi, dedi Abdulla Aripov.

Hukumatning markaziy vazifalaridan biri — qonunchilik tashabbusi sohasida Oliy Majlisning har ikki palatasi bilan o‘zaro hamkorlik kuchaytirish, deya qo‘shimcha qildi u.

Xabar berganimizdek, Oliy Majlis palatalari Abdulla Aripovni O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.