O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig‘ilishida nutq so‘zlar ekan, parlament nazoratini kuchaytirish zarurligiga to‘xtalib o‘tdi.

«Ta’sirchan parlament orqali samarali ijro hokimiyati faoliyatini yo‘lga qo‘yishga erishamiz. Shu sababli xalq orasida munozaraga sabab bo‘layotgan muammolar yuzasidan mas’ul rahbarlarning parlament va mahalliy kengashlarga tushuntirish berish tartibini joriy qilish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Quyi palatada tashkil etilgan Davlat byudjeti boshqarmasi byudjetni shakllantirish va ijrosi ustidan samarali nazorat o‘rnatishga xizmat qilmoqda.

Ma’lumki, bugungi kunda mamlakat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan katta hajmda mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Lekin ularning to‘g‘ri va unumli ishlatilishini nazorat qilish borasida shu hududlardan saylangan deputatlarning ishtiroki deyarli sezilmayapti. Holbuki, joylarda ajratilgan mablag‘lardan noto‘g‘ri foydalanish, ularni talon-toroj qilish, korrupsiya holatlari ham uchrab turibdi.

Shu bois xalq vakillari o‘z vakolatiga asoslanib, ta’sirchan nazorat o‘rnatishi zarurligi ta’kidlandi.

«Byudjetdan sarflanadigan har bir so‘m uchun Moliya vazirligi xalq vakillari oldida hisobot berishi, barcha idoralar davlat mablag‘ining aniq maqsadlar uchun ishlatilishi bo‘yicha parlamentdan hayiqib turishi lozim. Shunda tartib bo‘ladi, shunda hamma deputat bilan hisoblashadigan bo‘ladi», — dedi prezident.