O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 yanvar kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zolarini tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Konstitutsiya va qonunchilikka ko‘ra, Oliy Majlisi Senatining o‘n olti nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan prezident tomonidan tayinlanadi. Prezident o‘z farmoni bilan 13 nafar senatorni tayinladi, qolgan 3 senatorning kimligi hozircha ma’lum emas. Avvalroq esa Toshkent, Qoraqalpog‘iston va 12 ta viloyatdan 84 nafar senator saylangan edi.

Prezident tomonidan tayinlangan senatorlar ro‘yxati

Ayupov Shavkat Abdullayevich — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori

Basitxanova Elmira Irkinovna — O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi

Rafiqov Kudratulla Mirsagatovich — O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi

Raxmankulov Mir-Akbar Xodji-Akbarovich — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari

Saidov Sirojiddin Saloxovich — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi

Sayfullayev Baxtiyor — O‘zbekiston madaniyat vaziri — O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori

Sanakulov Kuvandik — «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasi bosh direktori

Safoyev Sodiq Solixovich — O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari

Sa’dullayev Alisher Zafar o‘g‘li — O‘zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi

Turdiyev Sodiqjon — O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi boshqaruvi raisi

Xodjimatov Minxajidin Mirzajanovich — Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari

Xudaybergenov Tursinxan Aydarovich — O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi

Yuldashev Bexzod Sadikovich — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti.

Yuqorida ism-shariflari qora qilib keltirilganlar avval ham prezident tomonidan senatorlikka tayinlangan.

Avval prezident tomonidan senatorlikka tayinlangan Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari — xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gavxar Zayirovna Alimova va Senat raisi Tanzila Kamalovna Narbayeva, mos ravishda Samarqand viloyati va Toshkentdan senator etib saylandilar.