7 yanvar kuni Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida mamlakatda faoliyati ta’qiqlangan «Jihodchilar» diniy-ekstremistik oqimining (DEO) bir guruh a’zolarining jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati.

«Ushbu shaxslar O‘zbekiston hududida Suriyada panoh topgan terroristik uyushma a’zolarining topshiriqlarini bajarib kelishgan va aholi orasida qonunga xilof ravishda targ‘ibot olib borib, „Jihodchilar“ DEO g‘oyalarini tarqatganlar hamda shu yo‘l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar. Shuningdek, ular yurtimizdagi yoshlar orasida o‘zlarining aqidaparastlik g‘oyalarini singdirib, Suriya hududidagi xalqaro terrorchilik tashkilotlarining safiga qo‘shilib, jinoyat sodir etishga da’vat qilganlar», — deyiladi xabarda.

Ushlangan shaxslarda ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlangan va protsessual tartibda olib qo‘yilgan. Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda. Xabarda qo‘lga olinganlarning soni ko‘rsatilmagan va boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

O‘zbekiston Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan «Jihodchilar» diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti faoliyati O‘zbekiston hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

«Bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so‘raymiz», — deya fuqarolar, ayniqsa yoshlarni ogohlantirdi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi.