8 yanvar kuni Andijon shahar ma’muriy sudining ochiq sud majlisida Andijon hokimiyati matbuot xizmati rahbari Gulshanoy Qo‘chqorova Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi (tuhmat) va 41-moddasi (haqorat qilish) bo‘yicha aybdor deb topildi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot kotibi Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

O‘tgan yil oxirida Human.uz sayti asoschisi Xurshid Daliyev Gulshanoy Qo‘chqorovaning xatti-harakati yuzasidan Andijon shahar IIBga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan edi. Gulshanoy Qo‘chqorova hokimiyatning Telegram-kanalida o‘quvchilarni Xurshid Daliyevning «Muxbir Daliyev» kanaliga kirmaslikka chaqirib, uni «xoin va g‘alamis» deb atagan. Shuningdek, jurnalistni taqiqlanga «Hizb-ut-Tahrir» terroristik tashkiloti a’zosi ham deb uhmat qilgan. Bu so‘zlarga uning fotosuratini ilova qilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, Gulshanoy Qo‘chqorovaga MJtKning 40-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdoridagi 5 575 000 so‘m jarima jazosi, MJtKning 41-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdoridagi 4 460 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan. MJtKning 34-moddasiga asosan Gulshanoy Qo‘chqorovaga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdoridagi 5 575 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Jabrlanuvchi Xurshid Daliyev ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarini undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilish huquqiga ega.

Shu bilan birga, Gulshanoy Qo‘chqorova ham Andijon viloyat IIB boshlig‘ini nomiga Xurshid Daliyevning harakatlaridan norozi bo‘lib ariza yozgan. Sud ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish hujjatlarida muhokama etilmagani sababli materialdan ajratilib, tegishli tartibda qonuniy baho berish uchun Andijon viloyat IIBga yuborilishini belgiladi.