Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani tog‘laridagi Amirsoy tog‘-chang‘i kurorti hududida yosh chang‘ichining jasadi topildi, deb xabar berdi kompaniyaning Facebook sahifasi.

7 yanvar kuni soat 16:20 atrofida Amirsoy kurortining chang‘i yo‘llari yopilishidan oldin, tashrif buyurganlardan biri kompaniya xodimiga yosh chang‘ichining g‘oyib bo‘lganligi haqida xabar berdi.

Ma’lumot olinganidan so‘ng, kurort qutqaruv guruhi bedarak yo‘qolgan odamni qidirishni boshladi. 30 daqiqadan keyin chang‘ichini qutqaruv xizmati a’zolaridan biri chang‘i yo‘lining tashqarisida hayot belgilari bo‘lmagan holda topdi, deyiladi xabarda.

«50 daqiqa davomida Amirsoy dam olish maskanida sakkiz nafar professional qutqaruvchilar va ikkita shifokor jabrlanuvchini hayotga qaytarishga harakat qilishdi. Afsuski, natija bo‘lmadi. Amirsoy Resort barcha xodimlari nomidan qarindoshlari, do‘stlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz», — deyiladi kompaniya xabarida.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, chang‘ichi chang‘ida uchib ketayotganda yo‘ldan chiqib ketgan. Tergov davom etmoqda.