Chirchiq dala-o‘quv maydonida Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari bilan turli xil sharoitlarda o‘t ochish istehkomlarini o‘zgartirgan holatda paydo bo‘luvchi va harakatlanuvchi nishonlarga o‘q uzish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Poligonda qor bo‘lmasa ham izg‘irin zabtiga olgan. Biroq bu kunduzgi va tungi o‘quv mashg‘ulotlarining ko‘ngildagidek o‘tkazilishiga aslo ta’sir qilmadi. Aksincha, o‘g‘lonlarning chidamliligi, o‘zlariga ishonchi yana ham ortishiga xizmat qildi.

Ishtirokchilar vazifani bajarishga astoydil kirishib ketishgan. Bir tomonda u qadar ko‘zga tashlanmaydigan joyda ikki nafar kursant bir-birini niqoblayapti. Somon parchalari, xashaklar bilan «bezangan» snayperlar libosi tabiat bilan uyg‘un bo‘lgani uchun ilg‘ash mushkul. Boshqa o‘quv joyida ishtirokchilar jangovar texnikalardan otish bo‘yicha mahoratlarini sinovdan o‘tkazayaptilar.

Shu o‘rinda o‘quvchilarning e’tiborini qaratishimiz lozim bo‘lgan yangi tajriba bor: mashg‘ulot rahbarlari kursantlar orasidan saralangan. Bu esa ularning kelgusidagi xizmat faoliyatlarida asqotadi. Mustaqil fikrlashga, nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishga o‘rgatadi, notiqlik mahoratini oshiradi. Akademiyaning mas’ul ofitserlari esa jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘ygan paytlari tegishli maslahat va ko‘rsatmalarini berib boradilar.

— Ilgari merganlik miltig‘ida mashq bajarish mashg‘ulotlarini kursantlar ofitserlar qo‘l ostida o‘tkazishardi. Bugun esa belgilangan koordinatalardagi shartli dushmanlarni yo‘q qilish operatsiyalarini bajarar ekan, o‘zlari qaror qabul qiladilar. Zamonning o‘zi shuni talab qilayapti. Mintaqadagi, jahondagi harbiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda otish mashg‘ulotlarining usul va uslublarini takomillashtirgan holda kursantlarni sinovdan o‘tkazayapmiz, — deydi podpolkovnik Furqat Yuldoshev.

Mashg‘ulot ishtirokchilari otish mashg‘ulotlarini shamol tezligi, havo zichligi va bosimini inobatga olib, nishonlarni yakson qilish jadvaliga aniqlik kiritgan holda bajardilar.