O‘zbekistonning tibbiy muassasalarida tibbiyot gipsi o‘rniga qurilish gipsi ishlatiladi. Bu haqda chorshanba kuni Respublika korrupsiyaga qarshi kurashish idoralararo komissiyasi yig‘ilishida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar so‘nggi ikki yil ichida 277 ming holatda sinishlarda qurilish gipsidan foydalangani aniqlangan.

Shifokorlar jami bo‘lib 351 tonna qurilish materialidan foydalangan. Jumladan, Farg‘ona viloyatida 30 tonna, Buxoro viloyatida 33 tonna, Toshkent viloyatida 35 tonna, Namangan viloyatida 36 tonna, Qashqadaryo viloyatida 38 tonna, Samarqandda 43 tonna va Toshkentda 48 tonna.

Nig‘matilla Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, qurilish gipsidan foydalanish bemorlarda shikastlangan suyaklarning joyidan siljishi, gips qo‘llaniladigan hududda terining jarohatlanishi va teri allergiyasi kabi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

«Shunga qaramay, O‘zbekistonda tibbiy gips ishlab chiqaradigan bironta ham korxona tashkil etilmagan va sog‘liqni saqlash vazirligi bu borada tashabbus ko‘rsatmagan», — dedi bosh prokuror.

Tibbiy gips qurilish gipsidan yuqori tozalash darajasi bilan ajralib turadi.