O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi 2020/2021 o‘quv yili qabulidan respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlarini tasdiqladi, deya xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.

Unda fanlar nomi, test topshiriqlari soni, baholash mezonlari (har bir to‘g‘ri javobga beriladigan ball) va maksimal ball miqdori keltirilgan.

1. Barcha test topshiruvchilar uchun majburiy fanlar bo‘yicha:

  • Ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili) — 15 ta savol, har biri uchun 2.1 balldan, maksimal ball — 31.5.
  • Matematika — 15 ta savol, har biri uchun 2.1 balldan, maksimal ball — 31.5.
  • O‘zbekiston tarixi — 15 ta savol, har biri uchun 2.1 balldan, maksimal ball — 31.5.

Jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball — 94.5 ball.

2. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan bo‘yicha:

  • 1-fan — 30 ta savol, har biri uchun 3.1 balldan, maksimal ball — 93.
  • 2-fan — 30 ta savol, har biri uchun 3.1 balldan, maksimal ball — 93.

Jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball — 186 ball.

Umumiy holda, 2020/2021 o‘quv yili qabulida abituriyentlarga 5 ta fan bo‘yicha jami 105 ta test topshirig‘i beriladi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball — 280.5 ballni tashkil etadi.

Ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari bilan DTM saytida tanishish mumkin.

Uchta o‘rniga beshta fandan imtihon topshirish bo‘yicha yangi tartiblar O‘zbekiston prezidentining 14 maydagi OTMga qabul tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zga tutilgan edi. Beshta fandan imtihon olish qanday oqibatlarni keltirib chiqarishi to‘g‘risida «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov o‘z maqolasida tahlil qilgan edi.