2019 yil 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot kotibi Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan majlisda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar raislari va sudyalari, Oliy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolari, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan majlisda prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan sud-huquq tizimida qat’iyat bilan amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlar avvalo fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquq va erkinliklarini amalda kafolatli himoyasini ta’minlash orqali ularni sud organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Yig‘ilishda Oliy sud Plenumining «Ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida», «Sudlarda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holat bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida» va «Apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarorlari loyihasi muhokama qilindi.

Plenum majlisida muhokama etilgan «Ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida»gi qaror loyihasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining qabul qilinishi, shuningdek, sudlar tomonidan qonun normalarini bir xil va to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 23-bobiga muvofiq manfaatdor shaxs ma’muriy organlarning qarorlarini haqiqiy emas, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ariza (shikoyat) bilan, agar bu qaror, harakatlari (harakatsizlik) tufayli uning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzgan, uning huquqlari, erkinliklarini amalga oshirish va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga to‘siqlar vujudga keltirgan, uning zimmasiga qonunga xilof ravishda biror-bir majburiyat yuklagan, u yoki bu sohadagi faoliyatini amalga oshirish uchun boshqa to‘siqlar vujudga keltirgan deb hisoblasa, sudga murojaat qilishga haqli. Agar ishni ko‘rishda ma’muriy organlar yoki mansabdor shaxsning faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligi aniqlansa, sud yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxs faoliyatini amalga oshirayotgan organ nomiga xususiy ajrim chiqarish masalasini hal qilishi lozim.

Shuningdek, Plenum majlisida muhokama etilgan «Sudlarda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holat bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi bilan sudlarga qonuniy kuchga kirgan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari, apellyatsiya va kassatsiya instansiya sudlarining ajrimlari, nazorat instansiyasining ajrim va qarorlari yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ushbu sud qarorini qabul qilgan sud tomonidan qayta ko‘rish mumkinligi tushuntirilmoqda. Fuqarolik protsessual kodeksining tegishli moddasi mazmuniga ko‘ra, ish mazmunan hal etilmaydigan birinchi instansiya, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarining ajrimlari, nazorat instansiyasining ajrim va qarorlari, faqatgina ular ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qiladigan hollarda yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rilishi mumkin. Apellyatsiya, kassatsiya, nazorat instansiyasi sudlari o‘zlari tomonidan chiqarilgan sud hujjatlarini ular tomonidan quyi instansiya sudining hujjati o‘zgartirilgan yoxud yangi hal qiluv qarori qabul qilingan bo‘lsa, qayta ko‘rishga haqli. Ishda ishtirok etgan shaxslar, shuningdek, boshqa shaxslar, agar sud hujjatlari bilan ularning huquq va majburiyatlari haqidagi masala hal qilingan bo‘lsa, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish haqida sudga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Protsessual huquqiy vorislik sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida yo‘l qo‘yilishi sababli ishda ishtirok etgan shaxslarning protsessual huquqiy vorislari ham sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish haqida ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Agar ish sog‘lig‘ining holati, yoshi yoki boshqa sabablarga ko‘ra, sudda o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini shaxsan himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqaroning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga berilgan prokurorning arizasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan bo‘lsa yoxud prokuror qonunda nazarda tutilgan yoki sud ishda prokurorning ishtirok etishini zarur deb topgan hollarda, prokuror qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli. Apellyatsiya, kassatsiya yoki nazorat instansiyasi sudiga beriladigan arizaga tegishli sud tomonidan tasdiqlangan, ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlarining nusxalari ilova qilinadi. Sudga qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani berishda davlat boji to‘lanishi qonunda nazarda tutilmagan. Fuqarolik protsessual kodeksida nazarda tutilgan uch oylik muddatning o‘tkazilishi, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini ushbu kodeksning tegishli normalari tartibida qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani qaytarish uchun yoxud uni qabul qilishni rad qilish uchun o‘z-o‘zidan asos bo‘la olmaydi. Mazkur muddatga rioya qilinganligi haqidagi masala sud tomonidan iltimosnoma bilan murojaat qilgan shaxsning arizasiga asosan sud hujjatini qayta ko‘rish uchun asos hisoblanadigan holatlar ochilgan kundan olti oydan kechiktirilmasdan berilgan bo‘lsagina, sud majlisida muhokama qilinishi zarur. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, sudga murojaat qilish muddatining uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘tkazilishi, ko‘rsatilgan arizani qanoatlantirishni rad qilish uchun mustaqil asos hisoblanadi va sudning ajrimida asoslantirilishi lozim. Sudga murojaat qilish muddatini tiklash mumkinligi to‘g‘risidagi masalani hal etishda nafaqat uni o‘tkazishning uzrliligini, balki arizachi yangi ochilgan holatlar mavjudligi haqida bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgandan keyin qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza vaqtida berilgan yoki berilmaganligini ham inobatga olinishi lozim.

Plenum yig‘ilishi ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi amalga kiritilganligi, shuningdek, iqtisodiy sudlar tomonidan ishlarni apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ko‘rishda ushbu Kodeks normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan «Apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qaror loyihasini ham muhokama qildilar. Aytish kerakki, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari hamda ajrimlarini apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida qayta ko‘rish ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafolati bo‘lib, birinchi instansiya sudining xatolarini bartaraf etishga imkon beradi. Iqtisodiy protsessual kodeksining tegishli moddasiga muvofiq ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati, prokuror esa apellyatsiya protesti berishga haqlidir. Aynan shu shaxslar qonuniy kuchga kirgan, apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati, prokuror esa kassatsiya protesti berishga haqlidir. Shuni inobatga olish lozimki, apellyatsiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) berilishi mumkin emas. Plenum qarori bilan iqtisodiy sudlarga ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilingan shaxslar (shu jumladan, jismoniy shaxslar), ishda ishtirok etuvchi shaxslarning Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan huquqlaridan foydalanilishi tushuntirilmoqda. Iqtisodiy sudlar apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati (protesti) nafaqat birinchi instansiya sudining butun hal qiluv qaroriga, balki uning bir qismiga ham berilishi mumkinligini nazarda tutishlari lozim. Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismi ham, xulosa qismi ham shikoyat qilishning (protest berishning) mustaqil predmeti bo‘lishi mumkin. Iqtisodiy protsessual kodeksida ko‘rsatilgan shaxslar ushbu kodeksning tegishli moddasiga muvofiq qabul qilingan qo‘shimcha hal qiluv qaroriga ham apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati (protesti) berishga haqlidir. Bunda shuni nazarda tutish kerakki, qo‘shimcha hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati u qaysi sanada qabul qilinganligidan qat’iy nazar, asosiy hal qiluv qarori qabul qilingan kundan hisoblanadi. Iqtisodiy sudlar shuni inobatga olishi lozimki, garchi shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etish yoki qaytarish uchun asoslar mavjud bo‘lsa-da, hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda uni apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart. Shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etish yoki qaytarish masalasini hal etish birinchi instansiya sudi tomonidan amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shikoyat ish bilan birga apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasiga yuborilganidan so‘ng shikoyatga aloqador qo‘shimcha hujjatlar yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxs tomonidan shikoyat berilgan taqdirda, ular ham tegishli sudga yuboriladi. Agar hal qiluv qarorini tushuntirish, yozuvdagi yo‘l qo‘yilgan xatolarni, harfiy xatolarni yoki hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish, hal qiluv qarori ijrosini kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etish, ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi va boshqa arizalar bo‘yicha sud majlisi tayinlangandan keyin ushbu sud hujjati ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati (protesti) kelib tushsa, birinchi instansiya sudi ariza bo‘yicha ish yuritishni Iqtisodiy protsessual kodeksining normalariga mos holda to‘xtatib qo‘yadi va ishni shikoyat (protest) bilan birga tegishli sudga yuboradi.

Bundan tashqari, majlisda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi ham muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, muhokama etilgan Plenum qarorlari fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni qonuniy hamda adolatli hal etishda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, shuningdek yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qo‘llanilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda Plenum qarorlarining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini aholiga, tadbirkorlarga, davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga, sudyalarga tushuntirish bo‘yicha viloyatlarda va mahallalarda tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Plenum majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N. Yo‘ldoshev ishtirok etdi.