19 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida jazoni o‘tash muassasasida jazo o‘tayotgan 19 nafar ayolning nazorat tartibida bergan shikoyat arizasi ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi O‘zA.

Mahkuma ayollarning jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jazoni o‘tash jarayonida o‘zini ijobiy jihatlarini namoyon etib, muassasa rahbariyatining tashakkurnomasini olgani e’tiborga olindi.

Sud ajrimi bilan sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishiga iqror va pushaymon bo‘lgani, yoshi hamda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining kafolati xati inobatga olinib, 19 nafar ayolga nisbatan tayinlangan jazolar qonunda belgilangan tartibda qisqartirildi.

Bu ayollar qisqartirilgan jazo muddatini o‘tab bo‘lgani sababli sud zalidan qamoqdan ozod etildi va oilasi bag‘riga qaytarildi.