Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori o‘rinbosari Enriko Pinali Toshkentning Sergeli tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari qurilishi va rekonstruksiyasiga ko‘mak berish uchun davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatishga oid shartnomani imzoladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Loyihaning asosiy maqsadi — Sergeli tumanida 7 ta yangi umumiy o‘rta ta’lim maktabini qurish, oltita maktabni ta’mirlash va bitta maktabni rekonstruksiya qilishdan iborat.

«OTB O‘zbekistonda amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihasini qo‘llab-quvvatlashdan mamnun, — deydi Enriko Pinali. — OTB mazkur kelishuv bo‘yicha maslahatchi sifatida Xalq ta’limi vazirligiga xususiy hamkor tanlashda ko‘mak beradi. Xususiy hamkor binolarni boshqaradi, davlat sektori esa ta’lim xizmatlarini ko‘rsatadi».

Ta’lim xizmatlari sifatini oshirish hamda ta’lim muassasalarida o‘quv muhitini modernizatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati oldiga ulkan maqsad qo‘yildi. Shuningdek, u ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, kompyuter, o‘quv qurollari bilan jihozlash, kasb-hunar ta’limi ish beruvchilar ehtiyojlariga javob berishini ta’minlash orqali ta’lim muassasalarini mustahkamlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

OTB maslahat xizmatlari xususiy sektor oldiga aniq maqsadlar qo‘ygan holda Toshkentdagi umumta’lim maktablarni qurish va rekonstruksiya qilishda xususiy sektorning qanday ishtirok etishini namoyish etishga yordam beradi. Xususiy sheriklar, shuningdek, uzoq muddatli istiqbolda qurilish ishlarining yuqori standartlarini ta’minlashga hamda sohani qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha investitsiyalar va xalqaro tajribalarni jalb etishga yordam beradi. OTB, o‘z navbatida, ushbu pilot loyihani ta’minlash uchun maktablar uchun namunaviy shartnomalarni ishlab chiqadi.

O‘zbekiston 1995 yilda OTBga a’zo bo‘lganidan buyon bank umumiy qiymati 8,6 milliard AQSH dollariga teng 78 ta kredit, jumladan 225 million dollarlik xususiy sektorga ikkita kredit ajratdi. Shuningdek, OTB 6 million dollarlik kapital qo‘yilmalar, 218 million dollarlik kafolatlar va 97,7 million dollarlik texnik yordam grantlari ajratdi.