O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Xivada XIX asrda qurilgan Olloqulixon hukumati saroyi — Tosh hovli majmuasida alyumin romlar o‘rnatilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Vazirlik xabariga qayd etilishicha, Ichanqal’a muzey qo‘riqxonasi hudidagi Tosh hovli majmuasiga o‘rnatilgan romlar Madaniyat vazirligining Ilmiy-ekspert Kengashidan ruxsat olmasdan o‘rnatilgan.

Tosh hovli alyumin romlar olib tashlanmasidan avval. Foto: Maqsud Asqarov / Facebook.

Ayni vaqtda romlar demontaj qilingan. Madaniyat vaziri topshirig‘i bilan bu haqdagi hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etiladi, aybdorlar esa madaniyat yodgorligi ob’ektiga zarar yetkazgani uchun javobgarlikka tortiladi.

Madaniyat vazirligi madaniy meros ob’ektlarida har qanday ta’mirlash va tiklash ishlari smeta loyihalari taqdim etgan holda ilmiy xulosa olingan holda amalga oshirilishi lozim ekanini eslatib o‘tdi.