Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev noyabrda viloyat va tuman hokimlariga tadbirkorlarga murojaat qilib, bundan keyin ular oldida hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligiga kafolat berishlarini topshirgan edi. Bungacha bir qator viloyatlar hokimlari murojaat bilan chiqqan edi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentda joriy yilning o‘tgan 10 oyida 16 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilganini ma’lum qildi. Yil yakuniga qadar yana 8 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilishi kutilmoqda.

Faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlarning 4 mingtasi o‘z faoliyatini 10 oy ichida qayta tikladi. Toshkentda faoliyat yuritayotgan jami korxona va tashkilotlarning 88 foizi kichik tadbirkorlik sub’ektlari hisoblanadi. Toshkentning har 1000 nafar aholisiga 27 ta kichik korxona to‘g‘ri kelmoqda va ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 62 foizga yetdi. Poytaxtda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 66 foizi kichik biznes tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

Muammolar va ularni hal qilish yo‘llari

Hokim ishbilarmon va tadbirkorlar dardiga quloq solish, ularning og‘irini yengil qilish, ular faoliyatiga keng yo‘l ochish va ularga yaqindan yordam berish bo‘yicha vazifalar hali juda ekanini ta’kidladi. «Biznes yuritish — 2020» (Doing Business) hisobotida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, yer ajratish, qurilish va mol-mulkni ro‘yxatga olish borasida qulayliklar yaratish kerak.

«Prezidentimiz aytganlaridek, biz-rahbarlar tinmay izlanishimiz, muammolarning oqibati bilan emas, balki ularning tub negiziga yetib borib, aql bilan, ilm bilan yechimini izlashimiz lozim deb hisoblayman», — dedi shahar hokimi.

Shundan kelib chiqib, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishlarida tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishga ehtiyoji tug‘ilmoqda. Bu ishlarga olimlarni jalb etib, shahar iqtisodiyot ko‘rsatkichlarining joriy holatini baholash hamda rivojlangan horijiy davlatlar ilg‘or tajribalarini o‘rgangan holda, qisqa va uzoq muddatli rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Toshkentda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishdagi muammolarning 30−40 foizi yer yoki bino ajratish masalasi bilan bog‘liq. «Bu masala avvalo, bizning — hokimiyat vakillarining tadbirkorlarni rozi qilishdagi eng og‘riqli muammolarimizdan biriga aylangan. Bu yo‘nalishda biz albatta ochiq, shaffof va adolatli yangi tizim yaratamiz. Buning uchun, qisqa muddatlarda Toshkentning Bosh rejasini ishlab chiqib, tasdiqlanishini tezlashtirishimiz zarur», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Bunda, birinchi navbatda shaharda yaratilgan istirohat bog‘lari va yashil hududlarni kelajak avlodga saqlab qolish, ularni buzilib, qurilish maydoniga aylanib ketishining oldini olish uchun barcha choralar ko‘riladi. Poytaxtda bo‘sh yoki samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlari va binolar negizida zamonaviy biznes uchun binolarni joylashtirish konsepsiyasini ishlab chiqib, konsepsiya asosida tadbirkorlar uchun binolarni tayyor holda qurib berish rejalashtirilmoqda.

Shahardan oqib o‘tuvchi daryo va kanallar atrofidagi yerlardan oqilona foydalanish maqsadida, loyihalar asosida tadbirkorlar uchun joylar ajratiladi.

«Yuridik va jismoniy shaxslar xususiy mulklarining dahlsizligini kafolatlash borasida, prezident topshiriqlariga biz og‘ishmay rioya qilamiz», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Poytaxt ma’muriyati, uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlikka oid qonunchilikni soddalashtirish, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qisqartirish, soliq yukini kamaytirish yo‘nalishidagi islohotlar muhokamalarida faol qatnashmoqda.

Hokim ushbu murojaatdan ko‘zlangan asosiy maqsad bundan keyin tadbirkorlar uchun hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligi, xalq deputatlari, shahar hokimi, barcha rahbarlar, hokimlar ularga yaqindan ko‘makchi bo‘lishi, doimiy ravishda tadbirkorlar og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanib, tadbirkor uchun barcha yo‘llar ochiqligini yetkazishdan iborat ekanini ta’kidladi.

«Hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlariga murojaat qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa vositalarini Sizlarga e’lon qilamiz. Istalgan vaqtda ularga bevosita murojaat qilib, tadbirkorlik sohasida uchrayotgan to‘siqlar, muammolar va takliflaringizni mutasaddi rahbarlarga yetkazish sharoitlarini yaratamiz», — dedi hokim.