Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Toshkentda Janubiy Koreya kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashib, qo‘shimcha investitsiya shartnomasini imzoladi. Bu bilan viloyatda barpo etilayotgan Hyundai tijorat avtomobillari ishlab chiqarish zavodi qurilishi jadallashtiriladi, deyiladi «Xalq so‘zi Online» xabarida.

X. Bozorov va Hyundai Motors kompaniyasi tijoriy avtomobillar bo‘linmasi vitse-prezidenti Lim Xyon Yung, Hyundai Corporation kompaniyasi tijoriy avtomobillar va temir yo‘llar bo‘yicha bosh direktori Pak Yong Xvan hamda Evergreen Motors kompaniyasi vitse-prezidenti Kim Ik Don qo‘l qo‘ygan shartnomaga ko‘ra, «Namangan» erkin iqtisodiy zonasi hududidan joy oladigan Hyundai tijorat avtomobillari ishlab chiqarish qo‘shma korxonasiga loyihani amalga oshirish jarayonida hamda kelgusi faoliyatida EIZ ishtirokchilariga berilgan soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar tatbiq etiladi. Yil yakuniga qadar mazkur yo‘nalishda maxsus qaror ham qabul qilinadi.

Ko‘pchilikni korxona qachon faoliyatini boshlaydi, degan savol qiziqtirishi tabiiy. Shartnomada Hyundai tijorat avtomobillari ishlab chiqarish zavodidan ilk mahsulotning chiqishi 2020 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshishi belgilab olindi.

Aytish lozimki, Namanganda avtomobilsozlik sanoatiga poydevor bo‘ladigan mazkur loyiha bo‘yicha Janubiy Koreya kompaniyalari vakillari bilan investitsion shartnoma bundan bir yil avval imzolangandi. Korxonani ishga tushirish bilan yiliga 2,5 mingta kichik yuk mashinasi, mikroavtobus hamda avtobuslar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.