19 oktyabr kuni Qarshi tumani «Xoniyon» MFYda yashagan voyaga yetmagan Raxim A. (2004 y.t., 7-sonli maktab o‘quvchisi) «Qarshi Bosh kanali»ning «Dasht» qishlog‘idan oqib o‘tuvchi qismidagi ko‘prikdan suvga sakrab, o‘z joniga qasd qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Holat yuzasidan ishga aloqador 7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori va ishchi-xodimlaridan hamda o‘quvchilardan tushuntirishlar olingan.

Aniqlanishicha, o‘quvchi Raxim A.ning mobil telefonida uyatsiz videolar yozilganligi sababli sinf rahbari tomonidan onasi maktabga chaqirtirilgan. Onasi maktabga kelib, o‘g‘liga tanbeh qilganidan so‘ng, Raxim A. maktabdan yugurib chiqib ketib, kanal tomonga ketganligi, sinfdoshlari esa uning orqasidan borishganligi va Raxim A.ni uzoqdan o‘zini kanalga tashlaganini ko‘rishgan.

Ushbu kuni voyaga yetmagan Raxim A.ni hech kim urib haqorat qilganligi holati aniqlanmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tekshirish davomida Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Qarshi tumani IIB, voyaga yetmaganlar bo‘yicha idoralararo komissiya va fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.