Andijon viloyati prokuraturasi «Andijonneft» aksionerlik jamiyatida neft xom ashyosining o‘g‘irlanishi va talon-taroj qilinishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. «O‘zneftgazinspeksiya» mutaxassislari kompaniya faoliyatini tekshirib, 12,8 mlrd so‘mlik 153 ming tonna xom ashyoning yetishmayotgani, o‘g‘irlangani va talon-taroj qilinganini aniqladi, deya xabar qildi inspeksiya matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Xususan, neft konlarida inventarizatsiya qilish jarayonida xom ashyoni yig‘ish, tayyorlash va tarqatish sexlarida 254,5 mln so‘m miqdoridagi 310,2 tonna ortiqcha, 22,7 mln so‘mlik 42 tonna yetishmayotgan, 479,6 mln so‘mlik hisobga olinmasdan qazib olingan 795,8 tonna xom ashyo aniqlangan. Shuningdek, soxta hujjatlar rasmiylashtirilishi natijasida 2,5 mlrd so‘mlik 3487 tonna xom ashyoning yetishmovchiligi, 70,8 mln so‘mlik 95,9 tonnalik yashirib qo‘yilgan ortiqcha mahsulotlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Hisobotlarga ,3 mlrd so‘m qo‘shib yozilgani, dastlabki hujjatlarni rasmiylashtirmasdan 1,7 mlrd so‘mlik 2947 tonna neft hisobdan chiqarib tashlangani aniqlandi.

«O‘zneftgazinspeksiya» ma’lumotlariga ko‘ra, inventariatsiya vaqtida faqatgina iyun-sentyabr oyining o‘zida 1,8 mlrd so‘mdan ziyod qiymatli 1356 tonna hajmidagi o‘g‘irlik, talon-taroj, qo‘shib yozish, yetishmovchilik holatlari aniqlangan.

Tekshiruv natijalari Andijon viloyati prokuraturasiga taqdim etildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.