18 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar Rustambek Karimov (Rustam Karim — 1975 y. t.) va To‘lqin Astanovga (1971) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Orif Qilichev raisligida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Rustam Karim O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 244−1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 1-qismi bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazoy tayinlash) 8-qismi tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudining 2019 yil 16 maydagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo manzil koloniyalarda o‘tattirish belgilandi.

To‘lqin Astanov Jinoyat kodeksi 244−1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) tartibida, tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli deb hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilandi. Sinov muddati hukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanishi ko‘rsatildi.

Joriy yilning 8 aprel kuni Rustam Karim va To‘lqin Astanov Facebook orqali jonli efirga chiqib, O‘zbekiston Musulmonlar idorasiga borganini bildiradi. «Shayx» Ablulaziz Mansur bilan uchrashdik! Yangi yil bobo bilan", deb izoh yozar ekan, ular «Halol» sertifikati, hijob masalasi, Vazirlar Mahkamasining maktab formasi to‘g‘risidagi 666-sonli qarori bo‘yicha suhbat olib borilganini ma’lum qiladi. Shu kunning o‘zida ularning ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingani haqidagi xabarlar tarqaldi.