Professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (7−0, 6 KO) 2019 yil so‘ngiga qadar bir yo‘la ikkita jahon chempionlik kamari uchun ringga chiqishi kutilmoqda. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar tarqatdi.

Mazkur vaznning WBA va IBF yo‘nalishlari chempioni Daniel Roman (27−2−1, 10 KO) menejerlari bokschi tez orada jarohatidan xalos bo‘lib mashg‘ulotlarga kirishishini ma’lum qilgan. Ularning qayd etishicha, hech kim jangdan qochish bahonasida bu jarohatni o‘ylab topmagan. Romanning promouterlari 2019 yilning oxiriga qadar mazkur jangni tashkillashtirishlariga ishonmoqda.

Eslatib o‘tamiz, WBA Daniel Roman oldiga Murodjon Ahmadaliyevga qarshi jahon chempionlik kamarining majburiy himoyasi bo‘yicha shart qo‘ygandi. Promouterlik savdolarida «Mir boksa» g‘olib chiqqan va jang 13 sentyabr kuni bo‘lib o‘tishi lozim edi. Ammo to‘qnashuvga 10 kun qolganida Roman o‘ng yelkasidan jarohat olganini aytib jangga chiqa olmasligini bildirgan va chempionlik kamari uchun kurash boshqa muddatga surilgandi.