Bugun ertalab soat 8:55 dan 13:40 gacha Toshkent viloyati Bekobod shahar tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga 15 nafar bog‘cha yoshidagi bolalar olib kelingan, deya xabar qildi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. Holsizlik, tana haroratining ko‘tarilishi, qorinda og‘riq, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketish belgilari bo‘lgan bolalar zudlik bilan mutaxassis shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, «o‘tkir diareya» tashxisiga gumon qilinib shifoxonaga yotqizilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, murojaat qiluvchilar Bekobod shahar 15-maktabgacha ta’lim muassasasining tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. Ayni paytda shifoxonaning malakali mutaxassislari tomonidan bemorlardan umumiy labarator tahlil namunalari olinib, tuman DSENMga yuborilgan.

Barcha bemorlar shifokorlar tomonidan chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kerakli tavsiyalar berilgan. Bemorlarni davolash ishlari qat’iy nazoratga olinib, yetarli darajada dori-darmonlar bilan ta’minlangan.

Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida bolalarning umumiy ahvoli yaxshilandi, shifokorlar davolash ishlarini olib bormoqda.

Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur holat qat’iy nazorat ostiga olingan.