Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Turkiyaning MNGrup kompaniyasi rasmiylarini qabul qildi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati. Turkiyalik investorlar viloyatda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xalqaro aeroportning 2 turdagi taklifiy loyihalarini taqdim etdi.

Qayd etilishicha, vodiyda yagona bo‘luvchi havo bandargohi 9 ta yo‘nalish, 5ta Rossiya, Istambul, Dubay, Abu Dabi, Koreya davlatlari bo‘yicha parvozlarni amalga oshiradi, bir soatda 6 ta reysni qabul qilib, kuzata oladi, bir kunda 15 mingdan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatishga qodir.

Xorijlik ishbilarmonlar bilan bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvlar chog‘ida viloyat rahbari Andijonda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksportini yo‘lga qo‘yishda katta imkoniyat borligi uchun, aynan bu yo‘nalishda aeroportda kargo tashkil qilish bo‘yicha ham taklif bergan edi.

Taklifga ko‘ra yangi majmuada meva-sabzavotlarni uzilgan holidek uzoq muddat saqlab turish quvvatiga ega bo‘lgan muzlatgichli omborxonalar ham tashkil etiladi. Bundan ko‘zlangan bosh maqsad viloyatimiz hududida yetishtirilgan meva va sabzavotlarni jahon bozoriga o‘z sifatini saqlagan holda yetkazib berishdir. Loyihaning umumiy qiymati 120 mln yevroni tashkil qiladi.

Yangi tayyoragoh ishga tushsa nafaqat Andijonliklarning balki, vodiy viloyatlari fuqarolari hamda tadbirkorlarining uzog‘i yaqin, ortiqcha harajatlari tejaladi, deyiladi xabarda.