O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 30 avgustdagi yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida o‘z aksini topgan.

Yoshlar akademiyasiga o‘zlarining innovatsion loyihalari va g‘oyalariga ega iqtidorli yoshlar va talabalar, 40 yoshgacha bo‘lgan olimlar va tadbirkorlardan tashkil topgan jamoalar tanlov asosida qabul qilinadi.

Yoshlar akademiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirish;
  • iqtidorli va tashabbuskor yoshlar bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish hamda ularning mamlakatning yetakchi olimlari va ishbilarmonlari bilan hamkorligini ta’minlash;
  • ilmiy-tadqiqotlarni bajarish ishtiyoqiga ega iqtidorli yoshlarni
  • qo‘llab-quvvatlash, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borishlariga imkon yaratish, yangi avlod yosh olimlarini tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
  • yosh olimlar tomonidan aniq vazifalarni hal etishga, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ilg‘or texnologik ishlanmalarni ishlab chiqishga qulay sharoitlar yaratish;
  • ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etish asosida tashabbuskor yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish;
  • yoshlarning startap loyihalarini xo‘jalik boshqaruvi organlari va davlat ulushi mavjud korxonalarni izchil rivojlantirish bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan, tijoratlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirish;
  • iqtidorli yoshlarning rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga ko‘maklashish;
  • xalqaro va mahalliy darajada e’tirof etilgan tashkilotlar, universitetlar, ilmiy markazlar bilan yaqindan aloqalar o‘rnatish, ularning olimlari va mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, treninglar, shuningdek, dolzarb ilmiy-innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiyalar, seminarlar va tanlovlar o‘tkazish.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxonalarga tegishli yuridik shaxslarning innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari jami mablag‘larining yiliga 10 foizi miqdoridagi mablag‘larini har yili jamg‘armaga o‘tkaziladi.

Jamg‘arma mablag‘larini quyidagilarga yo‘naltirilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi:

  • innovatsion, amaliy va startap loyihalarni moliyalashtirishga, shu jumladan, ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etishga, ilg‘or texnologik ishlanmalarni ishlab chiqishga;
  • Yoshlar akademiyasi faoliyatini tashkil etish, xorijiy va mahalliy yetakchi olimlar, mutaxassislar hamda vatandoshlarni belgilangan tartibda jalb qilishga;
  • iqtidorli yoshlarni rivojlangan davlatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga, nufuzli ilmiy nashrlarda maqolalarni chop etish, shuningdek, xorijiy va mahalliy patentlash xarajatlarini qoplashga;
  • ilmiy-amaliy tadbirlar (simpozium, konferensiya, seminar, trening, davra suhbatlari, master-klasslar va boshqalar) tashkil etish hamda xalqaro ilmiy-amaliy tadbirlarda qatnashishga;
  • Yoshlar akademiyasining mazkur qarorda belgilangan asosiy vazifalariниro‘yobga chiqarishga.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Yoshlar akademiyasi a’zolarining ilmiy-ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida 2020 yilning 1 apreliga qadar quyidagi platformalarni tashkil etadi:

  • «G‘oyalar generatorlari» — Yoshlar akademiyasining asosiy yo‘nalishlariga tegishli bo‘lgan ma’lum bir muammoning yechimiga qaratilgan innovatsion g‘oyaga ega jamoalar platformasi;
  • «Startaplar» — o‘z g‘oyasi va ushbu g‘oyani amalga oshirishga qaratilgan startap loyihalari va ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejaga ega jamoalar platformasi;
  • «Biznes vakillari» — faoliyatida ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qo‘llagan va tegishli sohada kamida 1 yillik tajribaga ega bo‘lgan jamoalar platformasi;
  • «Bo‘lajak akademiklar» — yuqoridagi platformalarda faol ishtirok etgan, mamlakatning ilm-fan rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan yuqori ilmiy salohiyatga ega olimlar platformasi.

Yoshlar akademiyasi faoliyati doirasida mamlakat kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, robototexnika va mexatronika, farmatsevtika, biotexnologiya, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellash va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy, innovatsion va startap loyihalari amalga oshiriladi.