24 iyul kuni Farg‘onada Ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazining tamal toshini qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.

Marosimda bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon, KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Son Song Il hamda shahar faollari va aholi vakillari ishtirok etdi.

Farg‘ona shahar Kasb-hunarga o‘qitish markazini tashkil etish ishlari O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 apreldagi 199-son qarori hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha 2018−2022 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, markazda bir vaqtning o‘zida 240 nafar o‘quvchi axborot texnologiyalari, elektr va elektronika, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, tikuvchilik, kosmetologiya singari besh yo‘nalish bo‘yicha kasbiy ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi.

Farg‘ona shahar Kasb-hunarga o‘qitish markazi bu yo‘nalishda KOICA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan to‘rtinchi loyiha hisoblanadi. Bugungi kunda Toshkent (2012), Shahrisabz (2016), Samarqand (2018) shaharlarida bu kabi kasb-hunarga o‘qitish markazlari faol ishlab kelmoqda. Ularda bugungi kungacha jami 8000 nafar o‘quvchi turli yo‘nalishlar bo‘yicha kasblarni egallashdi.