Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi chorshanba kuni «Turkiston» San’at saroyida so‘zga chiqqan oliy ta’lim vaziri Inom Majidov hamda O‘zbekiston OTM rektorlarining murojaatini e’lon qildi.Inom Majidov.

Murojaatda oliy ta’lim tizimining barcha rahbar va xodimlari «Ta’lim to‘g‘risida"gi qonun va O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini samarali ta’minlashda oliy ta’lim sohasidagi islohotlarning o‘ta muhim ahamiyatini va dolzarbligini to‘liq anglagan holda quyidagilar amalga oshiriladi:

birinchidan, oliy ta’lim muassasalarini tajribali, halol va pok vijdonli, mas’uliyatli professor-o‘qituvchi va xodimlardan shakllantirib, ularning vazifalari aniq belgilab beriladi;

ikkinchidan, abituriyentlarning oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish jarayoniga, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazishga, talabalar bilimini baholashga hamda o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklashga, o‘qishlarini boshlashi uchun turli xil sun’iy to‘siqlarga, fuqarolardan har xil noqonuniy to‘lov undirilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga ko‘maklashadigan «Jamoatchilik kengashi» tashkil etilib, adolat va shaffoflikni ta’minlanadi;

uchinchidan, talabalarning o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash to‘g‘risidagi murojaatlarini rad etish, ortiqcha hujjatlar talab qilish holatlarining oldi olinishi, shuningdek, fuqarolarning arizalarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda ortiqcha ovoragarchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligi ta’minlanadi;

to‘rtinchidan, professor-o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi byurokratik to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rib, ularning faoliyatini doimiy tahlil qilib borishni, baholash mezonlaridagi shaffoflikni kuchaytirib, adolat ularning bilimini baholashda asosiy faktor bo‘lishini belgilovchi choralar ko‘riladi;

beshinchidan, oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirishning (davlat byudjeti, shu jumladan, markazlashtirilgan mablag‘lar hisobidan, o‘qitishning to‘lov kontrakt shakli, rivojlantirish jamg‘armasi va grant mablag‘lari hisobidan) amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlariga rioya qilinishi, xarajatlar ko‘rsatkichlarini shakllantirish tartibiga amal qilish va ichki moliyaviy taftish ishlarini takomillashtirish, ushbu jarayonda korrupsiyaga oid holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etilishi qat’iy nazoratga olinadi;

oltinchidan, kadrlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini tayyorlash va tatbiq etish, xodimlarni ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash, ta’lim muassasalarini maqsadli o‘rganish kabi masalalar bilan bog‘liq barcha ishlarda korrupsiyaning oldini olish va shaffoflikni ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratiladi;

yettinchidan, tizimda korrupsiyaning oldini olish va barcha jarayonlarda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot, tushuntirish ishlari hamda ma’naviy-ma’rifiy va tashkiliy tadbirlar (o‘rganishlar, ijtimoiy so‘rovlar, tanlovlar va boshqalar) yuqori saviyaga ko‘tariladi.

«Muhtaram prezidentimiz tomonidan o‘qishga adolatli yo‘l bilan kirishga erishishning barcha tashkiliy-huquqiy jihatlari to‘la yaratib berildi. Faqat ularga qat’iy amal qilish qoldi, xolos. Eng to‘g‘ri yo‘l — bilim yo‘li, adolat yo‘lidir! Adolat esa o‘zaro hamjihatlik va birlikdadir. Biz, oliy ta’lim tizimi rahbarlari, ko‘p sonli rektorlar, professor-o‘qituvchilar va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashib, farzandlarimizning kelajagi va Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga va’da beramiz», — deyiladi murojaatda.

Oliy ta’lim tizimidagi islohotlar to‘g‘risida gapirilar ekan, respublikadagi oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 110 taga yetgani, ulardan 19 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari ekani qayd etildi. So‘nggi ikki yilda 12 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi filiallari tashkil etildi (AQSH — 1, Rossiya — 5, Janubiy Koreya — 3, Latviya — 1, Hindiston — 2).

Birgina 2018/2019 o‘quv yilida 20 ta oliy ta’lim muassasasida 10 ta xorijiy davlatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 33 ta ta’lim yo‘nalishi va 14 ta mutaxassislik bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Iqtisodiyotning real sektorlarida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda joriy o‘quv yilidan boshlab 66 ta zamonaviy ta’lim yo‘nalishi va 48 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi farzandlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Oliy ta’limga davlat byudjetidan 2018 yilda 875,9 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 1 trln 288,4 mlrd so‘mga yetdi yoki qariyb 1,5 baravarga ko‘paydi.