Ichki ishlar organlari xodimlarini terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan deb topish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlarini halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan deb topish maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Tuman ichki ishlar organlari halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan xodimlar va ularning oila a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni viloyat ichki ishlar organlariga yuboradi.

Viloyat IIBlar yuborilgan har bir xodim uchun alohida yig‘ma jild shakllantiradi va ularni maxsus komissiyaga yuboradi.

Maxsus komissiya mavjud materiallarni ko‘rib chiqib quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

sobiq xodim terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish chog‘ida halok bo‘lgan (nogiron bo‘lib qolgan) deb topish to‘g‘risida;

sobiq xodim terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra halok bo‘lgan (olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan) deb topish to‘g‘risida.

Terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lgan xodimlar farzandlariga oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomalar (http://lex.uz/docs/4322401) beriladi.