Maktabgacha ta’lim vazirligi Ichki audit xizmati 2018 yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga (MTT) 1059 nafar bolaning noqonuniy joylashtirilganini aniqladi. 2019 yilning birinchi choragida esa bu ko‘rsatkich 373 tani tashkil etib, jumladan 3 yoshga to‘lmagan bolalar ham qabul qilingan, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

MTTlarga bolalarning noqonuniy joylashtirilishi joylarning yetishmasligini keltirib chiqarmoqda. Ayni paytda vazirlik yangi MTTlarni ochish va maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini joriy etish ustida ishlamoqda.

«Hozircha ushbu muammo to‘liq hal etilmagan, biz ota-onalardan o‘z bolalarining xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yishni so‘ragan bo‘lar edik, — dedi MTV ichki audit, moliya va huquqiy nazorat xizmati boshlig‘i Dilshod Normatov. — Tushuning, MTT ma’muriyati va pedagoglari rasmiylashtirilmagan tarbiyalanuvchilar uchun javobgarlikni zimmasiga olmaydi».

U MTV auditorlari qishda sovuq zallar va omborxonalar, hovlidagi ayvonchalardan hisobga olinmagan bolalar mavjudligini aniqlaganini ma’lum qildi. Ba’zida tekshiruvchi kelgani sababli shoshilinch ravishda guruhlardan chiqarilgan bolalarning ustlarida issiq kiyim bo‘lmaydi.

Hisobga olinmagan bolalar qurilishi bitmagan binolarga ham yashirilgan. Jumladan, Samarqanddagi 58-MTTni tekshirgan auditorlar maktabgacha ta’lim muassasasi yaqinidagi qurilayotgan bino ichidan 60 nafar bolani aniqlagan.

MTTga bolalarni noqonuniy joylashtirish qolgan tarbiyalanuvchilarni parvarishlash sharoitlarini ham yomonlashtiradi, deb hisoblaydi vazirlik.

«Oshxona ishchilari rasmiy guruhlar sonidan kelib chiqib mahsulotlar oladi. Har bir bolaga… muayyan miqdordagi go‘sht, yorma, sut ajratiladi. Ma’joziy ma’noda aytganda, mahsulotlar 30 tarbiyalanuvchiga ajratiladi, tayyor ovqat esa 35 bolaga taqsimlanadi. Natijada guruhdagi barcha bolalar rivojlanishi uchun zarur ozuqaviy moddalarni yetarlicha ololmaydi», — deya qo‘shimcha qildi Dilshod Normatov.

Vazirlikning qayd etishicha, rasmiylashtirilgan bolalar uchun to‘lovlar MTT mudirasi qo‘liga tushib, mamlakatdagi korrupsion omilni kuchaytiradi.

MTTlarda hisobga olinmagan bolalar masalasini hal etish maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘rinlar sonini oshirish ustida ish olib borilmoqda.

2019 yilning I choragida O‘zbekistonda 8000 ta MTT faoliyat ko‘rsatmoqda. Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish miqyosi 2017 yildagi 27,7 foiz o‘rniga 38,1 foizga o‘sdi.