O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi, Oliy Majlis Konunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi tomonidan «Milliy axborot makonida milliy manfaatlar: bugungi holat va istiqbol» mavzuidagi davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unda davlat va nodavlat telekanallar orqali namoyish etilayotgan xorijiy seriallar, tavakkalchilikka asoslangan turli teleshoular urfga aylangani, bu jarayon, ayniqsa, voyaga yetmagan yoshlar ongi, tafakkuriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Ishtirokchilar tomonidan ayni kunda ko‘p sonli tomoshabinlar, jumladan, partiya elektorati bo‘lgan ziyolilar e’tiroziga sabab bo‘lgan media mahsulotlarning axborot makonidan o‘rin olayotgani mamlakat imijiga putur yetkazayotgani ta’kidlandi.

«Boriga baraka», «Omad shou», «Millioner shou», «Oltin kalit» kabi shou ko‘rsatuvlar zamirida mehnat qilmasdan oson pul topish, o‘zgalarning hisobidan bir zumda boyib ketish kabi chalg‘ituvchi g‘oyalar mujassam. Partiya qaysidir toifaga daromad keltiradigan, vaqtinchalik kayfiyatni ko‘tarishdan nariga o‘tolmaydigan saviyadagi teleloyihalarni ommalashtirishni «ommaviy madaniyat"ni rag‘batlantirish bilan barobar, deb biladi.

2007 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (shu jumladan, totalizatorlar) tashkil etish va o‘tkazish (tirajli, bir lahzali va raqamli lotereyalardan tashqari) taqiqlangan. Shuningdek, qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan, internet tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish, mamlakatimiz hududiga pul yutug‘iga ega bo‘lgan o‘yin avtomatlarini olib kirish man etilgan. Bu Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 16 avgustdagi «Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilab qo‘yilgan.

Davlat va xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan turli kapital shoular yuqoridagi qaror talabiga javob beradimi? Buni aniqlash uchun barcha kapital shoularni ekspertlar baholab berishi kerak. Agarda o‘sha teleshoular tavakkalchilikka asoslangani va qimor o‘yini, deb topilsa, tashkilotchilar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

— Ilgari SMS xabarlar yoki telefon qo‘ng‘iroqlari orqali turli o‘yinlar o‘tkazilib, fuqarolar ko‘rsatuvlarga taklif etilar edi, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Umrzoqov. — Bu unchalik ommalashmagani sababli biz befarq bo‘ldik. Oqibatda turli kapital shoular ko‘payib ketdi. Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar Rossiya, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonda qonun bilan tartibga solingan. Bizda esa qonunosti hujjatlari bor, xolos.

Davra suhbatida yoshlarning kamolotiga xizmat qiladigan kreativ axborot muhitini yaratish, bolalarni ularning jismoniy va ma’naviy-axlokiy rivojlanishiga zarar yetkazadigan axborotlardan muhofaza qilish barobarida «Yosh kitobxon» tanlovi, «Zakovat» intellektual o‘yini, oilaviy ko‘rishga mo‘ljallangan ko‘rsatuvlar, jumladan, «Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi», «Buvijonim o‘gitlari» kabi ko‘rsatuvlarni ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

Ommaviy axborot vositalariga oid qonunchilik ijrosi ustidan tizimli jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, ko‘pchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘layotgan past saviyadagi, yengil-yelpi materiallarni e’lon qilishda javobgarlikni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.